
08.05.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida tashkil etilgan ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan.
Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Qariyb ikki metrli yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi. Ularning yon taraflariga 196 nafar qahramonlarimiz nomi zarhal harflar bilan yozilgan. Bu bitiklar yoniga monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Ya’ni, ularning faqat nomi emas, bolaligi, orzulari, ishi va oilasi ko‘z oldimizda jonlanadi.
Bayrog‘imizdagi yarim oy mo‘jaz amfiteatr shaklida xiyobonga ko‘rk bag‘ishlagan. Uning tepasidan poklik ramzi – suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi badiiy g‘oyaga yakun yasagan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari aks ettirilgan.
Prezidentimiz shu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashdi.
– Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yo‘qotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bag‘ishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish bo‘ldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning ma’naviy ahamiyati katta. Bu ham o‘zlikni anglash, bu ham inson qadri, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari vatan himoyachilarining oila a’zolariga chuqur hurmatini bildirdi.
– Bu jasur o‘g‘lonlar tahlikali vaziyatda o‘zini o‘ylamay, burchiga sodiq qolib, xalqi uchun jonini fido qilgan. Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon o‘chmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qo‘ydik. Men ularning ota-onalariga, turmush o‘rtoqlariga ta’zim qilaman. Farzandlari qahramon otalariga munosib bo‘lishini istayman, – deya ta’kidladi Prezident.
Millat fidoyilari tug‘ilgan tumanlarda xotira tadbirlari o‘tkazish, ularning mardligini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish, qahramonliklari haqida asarlar yozish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini ham ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.
– Avvalo, sizlarni, siz orqali barcha faxriylarimizni G‘alabaning 80-yilligi bilan tabriklayman. Xalqimiz nomidan barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning qahramonligingiz tufayli bugungi avlodlar shunday tinchlik-fаrovonlikda yashayapti. Bu tinchlikning qadrini yoshlarimizga sizlar orqali yetkazishimiz kerak. Hayotingizning o‘zi bizga namuna. Har bir gapingiz juda katta ta’lim, bilim. Ilohim, sog‘lig‘ingiz mustahkam bo‘lib, ko‘p yillar faxrimiz, duogo‘yimiz bo‘lib yuring, – deya tilak bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniylar yurtimizda tarixiy xotira ulug‘langani, keksalarga katta hurmat-e’tibor ko‘rsatilayotganini aytib, duolar qilishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19-fevraldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga munosib hurmat ko‘rsatilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSH dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari berilmoqda. Ko‘plab muhtaram nuroniylarga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” yubiley medallari topshirilmoqda.
Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda.
Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolarining holidan xabar olinib, yumushlariga yordamlashilmoqda.