
19.03.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yurtimizda bu soha ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi. So‘nggi besh yilda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paydi. Ularda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, ro‘zg‘or tebratayapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti.
Ushbu raqamlarning o‘ziyoq mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun kichik va o‘rta biznes qanchalik muhimligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbari shu bois bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.
– Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda kichik va o‘rta biznes yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.
Xususan, 2025-yilda uning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;
- yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standartiga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
- ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
- 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
- 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
- kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish kabi katta maqsadlar qo‘yilmoqda.
Bu borada xorijiy ekspertlar bilan birga dastur ishlab chiqildi. Unga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.
Prezidentimiz buning samarasida kichik va o‘rta biznesga yaratiladigan yangi imkoniyatlarni alohida qayd etib o‘tdi.
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shuning 2,5 trillion so‘mi yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.
Joriy yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berila boshlandi. Endi oxirgi bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuning 150 million so‘mi garovsiz beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit bo‘ladi.
Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda. Besh yilda ular ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirilgan.
Buni kengaytirish maqsadida davlat banklari tomonidan yana 3 ta venchur kompaniya ochilib, 50 million dollar fond shakllantirildi. Xorijdan ham yana 50 million dollar jalb qilinadi. Bu biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi. Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat olib kiradi.
Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yo‘l ochadi.
Biznes uchun yaratilgan sharoitlar evaziga so‘nggi uch yilda 250 ming yangi korxona tashkil topdi. Endi ularning faoliyati kengayishi uchun joy va bino kerak. Shu bois hokimlar yer tanlashda, eng avvalo, ishini yo‘lga qo‘yib, rivojlanish istagida yurgan tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yana bir yangilik: bu yil Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarida barcha davlat idoralari bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Ulardan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Bunday yangiliklar qishloq xo‘jaligi sohasida ham bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5 ming gektardan ziyod yer yangicha tartibda ijaraga berilmoqda. U yerda tadbirkorlar o‘zi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurishi ham mumkin. Bu yil yana 30 ming gektar yer shunday tizim asosida savdoga chiqarilishi aytildi.
Yaqinda “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil qilingan edi. Uning tarkibida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 16 ta kompaniya ochildi. Endi, bu kompaniyalar har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan agrosanoat majmualari quradi. Bunga dastlabki bosqichda yana 200 milliard so‘m beriladi.
Salohiyatli yo‘nalishlardan yana biri – ishlab chiqarish. Joylarda bunga intiluvchilar ko‘p, lekin hammasi ham ishni nimadan boshlash, qayerdan mutaxassis va texnologiya olib kelishni bilmaydi.
Shu bois, 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari ochilishi ma’lum qilindi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bunga shu yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” bo‘ladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilinishi aytildi.
Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun faoliyatining birinchi yili muhim. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Ya’ni, ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Hozirda faoliyatni tugatish uchun barcha toifadagi tadbirkorlarga bir xil talab belgilangan. Endi bu jarayon ham soddalashadi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
Ma’lumki, yurtimizda 2028-yil 1-yanvarga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilangan. Endi kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan me’yoriy hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilindi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik: soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechildi.
Dunyoda keng rivojlanayotgan sun’iy intellekt, raqamli va yashil texnologiyalar, kreativ xizmatlar sohasidagi loyihalarga ham qulay sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda kichik biznesni rivojlantirish strategiyasini xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Prezidentimiz uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligining vakolatxonalari rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Xalqaro moliya tashkilotlariga amaliy hamkorligi va ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar so‘zga chiqib, faoliyatini kengaytirish, yangi bozorlarga kirib borish, standartlarni o‘rganish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarish bo‘yicha takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari buning uchun Kichik biznes uyushmasi tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Tadbirkorlar hamisha qonun va davlat himoyasida ekani ta’kidlandi.
– Prezident doimo sizlarga eng yaqin ko‘makchi, tayanch va suyanch bo‘ladi. Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qo‘llab-quvvatlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va takliflardan kelib chiqib, Prezident farmoni qabul qilinadigan bo‘ldi. Ushbu farmondagi yengilliklar qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi.