06.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari boʻyicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Iordaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻtgan yili Samarqandda oliy darajada oʻtgan sermahsul muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo doʻstlik guruhlari tuzildi, Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning ilk yigʻilishi oʻtkazilib, Ishbilarmonlar kengashi taʼsis qilindi, shuningdek, havo qatnovlari yoʻlga qoʻyildi.
Kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.


