icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi ishlar hamda ustuvor vazifalar muhokama qilindi

14.04.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-aprel kuni uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Tadbirda joylardagi studiyalardan videoaloqa orqali 500 dan ziyod tadbirkor, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish boʻyicha belgilangan katta marralarga erishishda qurilish sohasi alohida oʻrin tutishini taʼkidladi. Tahlillarga koʻra, qurilishga kiritilgan har 1 dollar iqtisodiyotga 2-3 dollarlik samara keltiradi, sohada yaratilgan bitta ish oʻrni esa boshqa tarmoqlarda yana 5 tagacha ish oʻrnining paydo boʻlishiga xizmat qiladi.

Soʻnggi toʻqqiz yilda mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. Aylanmasi 1 trillion soʻmdan oshgan 20 ta, 100 milliard soʻmdan yuqori koʻrsatkichga chiqqan 365 ta yirik kompaniya shakllandi. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ularning 650 dan ziyodi xalqaro sertifikat oldi.

Shu davrda qurilish sohasida ruxsat berish bosqichlari 3 karra, muddatlar 4 karra qisqartirildi. 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari birlashtirilib, eskilari bekor qilindi va 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi.

Natijada oʻtgan yillar mobaynida 210 million kvadrat metr bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq koʻp qavatli uy-joy barpo etildi. Qurilish ishlarining hajmi 2016-yildagi 30 trillion soʻmdan oʻtgan yili 314 trillion soʻmga yetdi. Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.

Taʼkidlanganidek, tadbirkorlik uchun har yili 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metr bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va oʻrta biznes uchun 140 trillion soʻm resurs ajratilmoqda. Lekin yer va kredit kabi asosiy masalalar hal etilgan boʻlsa-da, tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichida haligacha turli toʻsiqlarga duch kelmoqda, bu jarayonlar oylab-yillab choʻzilmoqda.

Yigʻilishda urbanizatsiya masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi 38 milliondan oshib, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan, qariyb 20 million nafar aholi shaharlarda yashamoqda. Davlatimiz rahbari urbanizatsiya darajasining har 1 foizga oʻsishi iqtisodiyotga kamida 1 foiz qoʻshimcha oʻsish olib kelishini, investitsiya oqimi, biznes va startaplar faolligi, mehnat unumdorligi shunga mutanosib ravishda ortishini taʼkidladi. Shu bois, respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha yagona yondashuv boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Qayd etilganidek, bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200-250 milliard soʻm ajratilmoqda. Mazkur mablagʻlar, avvalo, bosh rejasi yoʻq yoki eskirgan hududlarga yoʻnaltirilishi lozim. Ayni paytda kichik shahar va shaharchalarda ham yirik loyihalarni amalga oshirish istagida boʻlgan tadbirkorlar koʻp, ammo shaharsozlik hujjatlari yoʻqligi tufayli ularning ishlari toʻxtab qolmoqda.

Viloyat hokimlari va Urbanizatsiya qoʻmitasiga joriy yilning oʻzida budjet mablagʻlari hisobidan 6 ta shahar va 44 ta shaharcha boʻyicha bosh rejalarni, 104 ta qishloq boʻyicha master-rejalarni yakunlash, bundan tashqari, tashabbuskor tadbirkorlar bilan birga yana 50 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.

Yigʻilishda bosh reja yoʻqligi vaji bilan 2025-yilda yerni xususiylashtirish boʻyicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgani, bu esa 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish imkoniyati va budjet uchun qoʻshimcha 550 milliard soʻm tushumni boy berishga sabab boʻlgani koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan uch oy ichida yerlarni xususiylashtirish boʻyicha arizalarga inson omilisiz, 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga oʻtish vazifasi qoʻyildi.

Qolaversa, bosh rejalarni tasdiqlash bilan cheklanib qolish mumkin emasligi taʼkidlandi. Ularda belgilangan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr tarmoqlari va yoʻllarning qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan qurilishi aniq koʻrsatilmagani tanqid qilindi. Har bir tasdiqlangan bosh reja boʻyicha uni amalga oshirishning yilma-yil kompleks dasturlari ishlab chiqilishi, bu aholi, tadbirkorlar va mutasaddilarga yetkazilishi shartligi qayd etildi.

Shu bois, har bir viloyat hokimiga ikki oy muddatda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlarni yaratish topshirildi. Ulardagi tadbirlarning qaysi qismi respublika va mahalliy budjetdan, qaysi qismi xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan moliyalashtirilishi aniq belgilab berilishi shartligi koʻrsatildi.

Yer va obyektlarni iqtisodiy faoliyatga jalb etish boʻyicha ham jiddiy kamchiliklar qayd etildi. Soʻnggi toʻrt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerning 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Shuningdek, auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi va 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turgani koʻrsatib oʻtildi.

Bunda xususiylashtirish dasturini shakllantirishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning oʻrni sezilmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan oʻrganilmayotgani tanqid qilindi. Aslida, har bir obyektni sotishda hududga investitsiya jalb qilish va mahalla uchun yangi ish oʻrni yaratish birinchi oʻrinda turishi lozimligi taʼkidlandi.

Shu bois, endi xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligini taʼminlashda hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan teng masʼul boʻlishi belgilandi. Xususiylashtirish doirasida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash amaliyoti ham bekor qilinadi.

Yigʻilishda qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasi ham muhokama markazida boʻldi. Oʻtgan yili qurilish bilan bogʻliq 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgani, bu holat ortida koʻp hollarda korrupsiya va ortiqcha byurokratik gʻovlar turgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bunday muammolarga barham berishning eng samarali yoʻli raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish ekanini taʼkidladi.

Hozirgi tizimda aholi va tadbirkorlar avval loyihalashga ruxsat olish, keyin arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish uchun alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt yoʻqotmoqda. Toshkent shahrida ushbu ikki xizmatni bir bosqichda koʻrib chiqish tajribasi joriy etilgani va natijada hujjatlarni kelishish muddati 3-4 karra qisqargani maʼlum qilindi. Mazkur tajribani 1-iyuldan boshlab barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Kommunal tarmoqlarga ulanish boʻyicha texnik shart olishda ham aholi har bir idoraga alohida murojaat qilishiga toʻgʻri kelmoqda. Endi 1-iyuldan bitta ariza va bitta toʻlov orqali elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlari boʻyicha texnik shart olish imkoni yaratiladi.

Sansalorlikning yana bir sababi sifatida joylarda shaharsozlik kengashiga aʼzo 26 ta idora oʻrtasida oʻzaro muloqot va hamkorlik yoʻqligi koʻrsatildi. Shu munosabat bilan shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining oʻzi boshchilik qilishi, tadbirkor masalasiga yakuniy yechim beradigan tizim joriy etilishi belgilandi.

Mutasaddilarga uch oy ichida qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni chuqur tahlil qilib, talablar, muddatlar va toʻlovlarni kamida ikki barobarga qisqartirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Qurilish sifati va nazorat masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. Oʻtgan yili qurilish obyektlarida loyihachi va buyurtmachi nazoratchilari tomonidan 42 mingta kamchilik, Qurilish inspeksiyasi tomonidan esa yana 250 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Bunga loyihachi va buyurtmachilarda mualliflik hamda texnik nazorat boʻyicha manfaatdorlik pastligi sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati toʻliq KPI asosida baholanishi, xodimlar oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablagʻ ajratiladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida toʻlov qilinadi. Endi texnik yoki mualliflik nazoratchisi masʼul boʻlgan obyektda qoʻpol qoidabuzarlik aniqlansa, pudratchi bilan birga nazoratchilarga ham qatʼiy chora koʻriladi, loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi pasaytiriladi.

Yigʻilishda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari boʻyicha ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Hozirgi kunda mazkur yoʻnalishda 20 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mutasaddilar va buyurtmachi vazirlik-idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda mahalliy quruvchilar imkoniyatlarini yetarlicha himoya qilmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda ularning manfaatini koʻzlamayotgani, xalqaro tenderlarda ishtirok etish shartlarini oʻrgatish boʻyicha tizimli ish olib bormayotgani tanqid qilindi.

Aholining uy-joyga boʻlgan talabini taʼminlash masalasi doimiy diqqat markazida boʻlishi shartligi taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda 56 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivi infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard soʻm ajratilgan, joriy yilda esa ushbu maqsadlar uchun yana 1 trillion 400 milliard soʻm yoʻnaltirilmoqda.

Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil mazkur massivlarda 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi qayd etildi. Qurilishi davom etayotgan massivlarni kengaytirish faqat oʻsha hududdagi kvartiralarning kamida 85 foizi egalariga topshirilganidan keyin ruxsat etilishi belgilandi.

Umuman, joriy yil hududlarda 140 ming xonadonli koʻp qavatli uylarni foydalanishga topshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiyaga alohida eʼtibor qaratish muhimligi bildirildi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash va kreativ muhitni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Arxitektor, loyihachi va urbanistika sohasi uchun birinchi kreativ parkni Toshkent shahrida tashkil qilish, keyinchalik bunday parklarni hududlarda ham barpo etish ishlarini boshlash topshirildi. Bundan tashqari, yangi oʻquv yilidan urbanizatsiya, kadastr va geodeziya sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan, oʻzini oʻzi moliyalashtiruvchi oliygoh faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Uning tarkibida oʻrta boʻgʻin mutaxassislari uchun texnikum ham tashkil etiladi.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz soha va hududlar rahbarlarining hisobotlarini tingladi. Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo