
26.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarda paxta hosili yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ijrosi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar tahlili yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda hududlar kesimida paxta yig‘imi sur’atlari va mavjud muammolar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Bu yil 875 ming gektar maydonga chigit ekilib, 3,7 million tonna hosil uchun shartnomalar tuzilgan. Terim jarayonlariga 900 dan ortiq mashina jalb etildi, fermerlarga yoqilg‘i va o‘g‘it arzonlashtirilgan tartibda berildi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda rejadan orqada qolish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, Surxondaryo, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda holat qoniqarsiz.
Prezidentimiz qisqa vaqt ichida joylarda favqulodda shtablar tuzib, hosilni sifatli yig‘ib olish, fermerlarni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor hal etib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mas’ullarga terilgan paxta uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash topshirildi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham ko‘rib chiqildi.
Respublika bo‘yicha 640 ta maktab va bog‘chadan 125 tasida ta’mirlash ishlari hali yakunlanmagan. 9,8 ming ko‘p qavatli uyning qariyb mingtasi tayyor emas. Jizzax va Surxondaryodagi qozonxonalar ta’miri ham oxirigacha yetkazilmagan.
Davlatimiz rahbari ikki hafta ichida bu masalalarni hal etish, nimstansiya, elektr va suv tarmoqlarini mavsumga shay holatga keltirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, bugungi kunda aholiga 55 ming tonna, shundan 381 ta olis qishloq va ovullarga 9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilgan. Aholiga omborlardagi 27 ming tonna tarqatilmay qolgan ko‘mirni hamda kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni to‘liq yetkazish topshirildi. Gaz va elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mutasaddilar shaxsan javobgar ekani ko‘rsatib o‘tildi.
“Yashil makon” dasturining ijrosi muhokama qilinar ekan, bu yil bahorda ekilgan 137 million ko‘chatning 27,5 millioni qurib qolgani tanqid qilindi. Sababi – bahor va yoz o‘rtasida issiq kunlar tez kelib qolishi oqibatida ekilgan ko‘chatlar unishga ulgurmayapti, ularga odatdagidan 2-3 barobar ko‘p suv sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu munosabat bilan daraxtni kuzda ekishni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi kuz mavsumida 125 million tup daraxt va buta, bahorda yana 75 millionta ekish rejalashtirildi. Bunda sug‘orish tizimi va imkoniyati yo‘q joylarga ko‘chat ekmaslik talab qilib qo‘yildi.
Urbanizatsiya jarayoni tezlashib borayotgani shaharlar va viloyat markazlarida yashillik darajasini oshirishni taqozo etmoqda. Shaharlarni “yashil” standartlarga muvofiq ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida olimlar, urbanistlar va ekologlar ishtirokida Toshkent va Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlarining “yashil” master rejalari ishlab chiqilishi belgilandi.
Joriy yil uchinchi choragi yakuni bilan mamlakatimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 33,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Yanvar-avgust oylarida eksport 23 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga ko‘paydi.
Lekin investitsiya o‘sishi barcha hududlarda ham birdek emas. Ayrim hududlarda esa eksport ko‘rsatkichlari pasaygan. Prezident mutasaddilardan yil yakunigacha 7,3 milliard dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash, sarmoyalarni jalb qilish va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishni talab qildi.
AQSH shtatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Har bir viloyat muayyan shtat bilan hamkorlik o‘rnatib, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy sheriklar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishiga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida Prezident barcha yo‘nalishlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.