
07.08.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Navoiy viloyati yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida so‘nggi sakkiz yilda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga ko‘paygan.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imkoniyatlarni yanada oshirdi.
Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi 643 million dollarga yetdi, eksport 635 million dollardan oshdi. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.
Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda ko‘p. Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar bepoyon ekanini ta’kidladi.
Xususan, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma ko‘plab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.
Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.
Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion so‘mga, eksport 100 million dollarga ko‘payadi.
Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.
Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.
Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.
Umuman, viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, byudjetga 1 trillion so‘m tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Shunga munosib, istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.