
30.07.2025
Davlatimiz rahbariga 30-iyul kuni Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Samarqand – aholi soni va o‘sishi bo‘yicha respublikamizda eng yirik hudud hisoblanadi. Bu yangi uy-joylar, infratuzilma, ish o‘rni, ta’lim va tibbiyotga talab oshadi, degani. So‘nggi sakkiz yilda viloyatda 1 ming 132 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 56 ming oilaning turmush sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 21 foizdan 73 foizga, oliy ta’limda 10 foizdan 45 foizga yetgan.
Iqtisodiyotda to‘qimachilik, metallurgiya, elektr texnikasi, qurilish materiallari, turizm jadal rivojlanmoqda. Bunyodkorlik, yirik loyihalar va yuqori daromadli ish o‘rinlari aholining ertangi kunga ishonchini oshirmoqda.
Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidan beri 7,5 foizdan 6,4 foizga kamaygan. Yil yakunigacha 150 ming odamni ishga joylab, 90 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
O‘tgan sakkiz yilda hududda sanoat mahsulotlari 1,7 barobar o‘sib, hozir 45 trillion so‘mdan oshgan. Lekin bu natijalarning 37 foizi Samarqand shahriga, 23 foizi Jomboy, Samarqand va Urgut tumanlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘shrabot, Payariq va Nurobodda sanoat nisbatan rivojlanmagan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Samarqand viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Masalan, Nurobod tumanida 115 gektarda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish taklif etilmoqda. U yerda 472 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1 ming 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning 40 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi hisobiga granit toshini qazib olish va qayta ishlash mo‘ljallangan.
Bulung‘urlik tadbirkor “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgan. Tumanda 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.
Umuman, viloyatda 1 milliard 200 million dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 ming ish o‘rni, 82 million dollarlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir tuman-shaharning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini tengma-teng oshirish zarurligi ta’kidlandi.