
28.07.2025
Davlatimiz rahbariga 28-iyul kuni Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi qarori bilan Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, bu yil 3,1 milliard dollar investitsiya olib kelish, 1,5 milliard dollar eksport qilish, 305 ming odamning bandligini ta’minlash, 32 mingdan ziyod oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Viloyatda yil boshidan buyon 1 milliard dollarlik yangi quvvatlar, 344 ta savdo va servis majmuasi ishga tushgan. Yana 2,5 milliard dollarlik loyihalar boshlangan. O‘tgan 6 oyda 850 million dollar investitsiya jalb etilib, eksport 465 million dollarni tashkil etgan.
Davlatimiz rahbarining shu yil aprelda viloyatga tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar hudud rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. Yaqinda ilmiy ekspertlar, faol tadbirkorlar ishtirokida “Islohotlar shtabi” tuzildi. Ular tomonidan iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga oid yangi takliflar ishlab chiqilgan.
Taqdimotda mutasaddilar ularning asoslari va samaradorligi bo‘yicha axborot berdi.
Masalan, 40 million dollar sarmoya evaziga Germaniya, Turkiya va Yaponiyadan robot-texnologiya olib kelib, innovatsion klinika barpo etish rejalashtirilgan. Yoki elchilar yordami bilan agroklaster tashkil qilishga Italiyadan 20 million yevro, zamonaviy agrologistika majmuasi qurishga Germaniyadan 25 million yevro jalb etilishi mo‘ljallangan. Xonobod shahri, Xo‘jaobod va Buloqboshida turistik maskanlar tashkil qilish bo‘yicha 30 dan ziyod tashabbuslar bildirilgan.
Umuman aytganda, 1 milliard 100 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida 22 ming ish o‘rni, qo‘shimcha 200 million dollarlik eksport imkoniyati ochiladi.
Davlatimiz rahbari viloyatdagi har bir shahar va tumanga alohida yondashib, yangicha ishlash, yangi loyihalarni investitsiyasi kam hududlarga joylashtirish zarurligini ta’kidladi. Ishsiz va ehtiyojmand oilalarni o‘qitib, ishga joylashtirish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.