
24.07.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Prezidentining shu oy boshida Ozarbayjonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifining samarali natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yetakchilarning bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Sanoat zonasi va logistika kompaniyasini tashkil etishni o‘z ichiga olgan istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfelini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda. Neft-gaz sohasidagi strategik loyiha bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlash doirasida yirik qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.