27.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, №PQ-3149, 27 iyul 2017 yil
Ijro ishi yuritishni amalga oshirishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolarining qonuniyligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlash, narx-navo manipulatsiyasi va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularning oldini olish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yil 1-sentabrdan boshlab:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolari faqatgina “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlar shaklida o‘tkaziladi;
elektron onlayn-auksionlar ularda Internet tarmog‘i orqali ishtirok etish imkonini beradigan hamda buyurtmalarni qabul qilish va g‘olibni aniqlash tartib-taomillariga aralashuvni istisno etadigan maxsus dasturiy mahsulotdan foydalanilgan holda o‘tkaziladi;
elektron onlayn-auksionlar o‘tkazilishi haqidagi xabarnoma va lot to‘g‘risidagi ma’lumot elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operatorning veb-portalida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalari veb-saytlarida auksion o‘tkazish boshlanishiga 10 kalendar kundan kechiktirmasdan joylashtiriladi;
elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron buyurtma berish va zakalat kiritish orqali amalga oshiriladi;
dastlabki elektron onlayn-auksion narxni oshirib borish tamoyili, takroriylari esa narxni tushirib borish tamoyili bo‘yicha o‘tkaziladi;
mol-mulk elektron onlayn-auksionga baholash qiymati bo‘yicha qo‘yiladi;
davlat ijrochilari elektron onlayn-auksionlarda sotilmagan mol-mulkni arzonlashtirishga haqli emas.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Byuro huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish;
mol-mulkni elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;
fuqarolarni elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, savdoga qo‘yilgan mol-mulk haqida keng xabardor qilish;
elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini berish;
mol-mulkni saqlash, tashish, saqlab turish va savdoga tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Byuro Markazning muassisi (mulkdori) hisoblanadi;
Markaz sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operator hisoblanadi;
Markaz o‘z faoliyatini amalga oshirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida filiallar tashkil etishga haqli;
Markaz faoliyatini moliyalashtirish elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish, elektron raqamli imzo kalitlarini berish xizmatlari uchun tushayotgan mablag‘lar, asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar, shuningdek, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Quyidagilar:
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Byuro bir oy muddatda:
Markazning Ustavini tasdiqlasin va uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Markazni uning faoliyatini yuqori va professional darajada samarali tashkil etishga qodir bo‘lgan malakali kadrlar bilan to‘ldirsin;
Markazni mebel, komputer texnikasi, aloqa vositalari va boshqa zarur moddiy-texnika resurslari bilan jihozlasin.
7. Markaz uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, komputer va server texnikasi, texnika vositalari, dasturiy mahsulot va boshqa moddiy-texnika resurslari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan 3-yil muddatga ozod qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Byuro O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi bilan birgalikda tele- va radiokanallarda, bosma nashrlarda, Internet tarmog‘ida, shuningdek, boshqa ommaviy axborot vositalarida mazkur qaror normalarining mazmun-mohiyati elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish va uni o‘tkazish natijalariga ko‘ra mol-mulkni realizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda keng yoritilishini tashkil qilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 27-iyul
Sud hokimiyati qarorlarining so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladigan odil sudlovni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu – sud qarorlarini ijro etishning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.
Shu maqsadda mamlakatimizda qonuniylik, adolat va ijro ishi yuritishdagi tomonlar va boshqa ishtirokchilarning huquqlarini ta’minlash prinsiplari asosida faoliyat yuritadigan majburiy ijro institutlarini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Byuro faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” faol amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ijro ishini yuritishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z ichiga olgan, qonunlarning buzilishi va fuqarolarning asosli noroziligiga sabab bo‘layotgan ayrim mexanizmlar hanuzgacha saqlanib kelayotganligini ko‘rsatdi.
Sud qarorlarini ijro etish doirasida tashkil etilayotgan ommaviy savdolar zamonaviy talablarga javob bermaydi hamda xatlangan mol-mulkning oldi-sotdi bozorini monopoliyalashtirishga, narx bo‘yicha manipulatsiyalarga va boshqa korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga zamin yaratgan.
Auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalarni faqat bosma nashrlarda chop etishni, auksionlarga ishtirok etishga yozma ravishda shaxsan beriladigan arizalar asosida qo‘yishni nazarda tutuvchi ommaviy savdolarni tashkil etishning an’anaviy usullari insofsiz savdo tashkilotchilari tomonidan salohiyatli xaridorlarning auksionda ishtirok etishini cheklash, mol-mulkni past narxlarda sotish uchun soxta auksionlarni o‘tkazishga va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l ochib bergan.
Huquqni qo‘llash amaliyotidagi yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklar sotuvga chiqarilgan mol-mulkning bir necha marotaba arzonlashtirilishiga, mol-mulkni sotish jarayonlarining cho‘zilib ketishiga olib kelgan va pirovard natijada sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishiga imkon bermagan.
Shu munosabat bilan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari ijrosi yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish mexanizmlarini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va onlayn-savdo usullarini joriy etish orqali auksion o‘tkazish tartibotlarining maksimal shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2017-yil 1-sentabrdan boshlab xatlangan mol-mulkni sotish bo‘yicha ommaviy savdolar faqat “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlar shaklida o‘tkaziladi.
Savdolarni o‘tkazishning yangi tartibi fuqarolar uchun elektron onlayn-auksionlarda keng ishtirok etish hamda ko‘chmas mol-mulk, avtotransport vositalari va boshqa mol-mulkni adolatli va shaffof savdolarda sotib olish imkoniyatini ta’minlaydi.
Elektron onlayn-auksionlar Internet tarmog‘ida arizalarni qabul qilish va g‘olibni aniqlash jarayonlariga har qanday aralashuvga yo‘l qo‘ymaydigan maxsus dasturiy majmuadan foydalangan holda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Elektron onlayn-auksionlarga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron arizani Internet tarmog‘i orqali bergan va mol-mulk baholangan qiymatining 5 foizi miqdoridagi zakalat pulini to‘lagan shaxslar qo‘yiladi.
Bunda kiritilgan zakalat pullari g‘olib tomonidan mol-mulkning qiymatini to‘lashda to‘lov summasiga qo‘shib hisoblanadi. Auksionda g‘olib bo‘lmagan boshqa ishtirokchilarga esa auksion yakunlangandan so‘ng zakalat pullari to‘liq qaytariladi, auksion davomida o‘z majburiyatlarini bajarmagan ishtirokchilar bundan mustasno.
Elektron raqamli imzoga ega bo‘lmagan ishtirokchilarga uni Internet orqali buyurtma qilish imkoniyati yaratiladi.
Elektron onlayn-auksionlar har kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar o‘tkaziladi. Ishtirokchilar unda masofadan turib, shu jumladan, mobil dasturiy ilovalardan foydalangan holda ishtirok etishlari mumkin.
Dastlabki auksionlar narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkazilib, unda lot narxi bo‘yicha oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Agar auksion boshlanishi paytiga qadar unda ishtirok etishga faqat 1 nafar ishtirokchi tomonidan ariza berilgan bo‘lsa, bu ishtirokchi mol-mulkni auksionga qo‘yilgan boshlang‘ich narxda sotib olish huquqidan foydalanishi mumkin.
Dastlabki auksionlar mol-mulkka qiziqish bo‘lmaganligi sababli o‘tkazilmagan deb topilgan taqdirda, narxni tushirib borish tamoyili asosida takroriy auksionlar o‘tkaziladi. Bunday auksionlarda e’lon qilingan lot narxini birinchi tasdiqlagan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.
Elektron onlayn-auksionlarda g‘oliblarni aniqlash tashqaridan aralashuvni istisno qilgan holda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Auksion g‘olibi auksion yakunlanishi bilan darhol e’lon qilinib, auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Auksion g‘olibi sotib olingan mol-mulkning to‘liq qiymatini auksion yakunlangan kundan boshlab 5 ish kuni davomida to‘lash huquqiga ega bo‘lib, to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng unga maxsus blankda rasmiylashtirilgan auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma topshiriladi yoki pochta jo‘natmasi bilan jo‘natiladi.
Auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, mol-mulkka qo‘yilgan taqiqni yechishga, uni g‘olibga topshirishga, shuningdek, mol-mulkni, unga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa mulkiy huquqlarni g‘olib nomiga ro‘yxatga yoki hisobga qo‘yishga asos bo‘lib hisoblanadi.
Bundan tashqari, qaror bilan Byuro huzurida «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish bo‘yicha markaz» davlat unitar korxonasi tashkil etildi va u "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operator hisoblanadi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish;
mol-mulkni elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;
fuqarolarni elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, savdoga qo‘yilgan mol-mulk to‘g‘risida keng xabardor qilish;
elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini berish;
mol-mulkni saqlash, tashish, saqlab turish va savdoga tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.
Shu bilan birga, qaror bilan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan qaror sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bozorini monopoliyadan chiqarish va uning maksimal shaffofligini ta’minlash, ushbu sohada narx bilan bog‘liq nayranglar va boshqa korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, uy-joy va noturar ko‘chmas mulklarni, avtotransport vositalari va boshqa turdagi mol-mulkni ochiq va adolatli ommaviy savdolarda (elektron onlayn-auksionlarda) sotib olish jarayonlariga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etishga qaratilgan.