
11.06.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida ushbu mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.
"China State Construction" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuksak baholandi. Toshkent shahrida madaniyat obyektlarini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda kompaniya avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishib olindi.
"China General Nuclear Power" korporatsiyasi raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda tog‘-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
"CAMCE" korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtimizda Olimpiya shaharchasini barpo etish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi "Yangi avlod" industrial texnoparki jadal rivojlanayotgani qayd etildi.
Qo‘shma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
"Goldwind" kompaniyasi raisi Vu Gang bilan kompaniyaning "yashil" energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonda kompaniya bilan birgalikda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
"ZTO Express" kompaniyasi rahbari X-u Syanlyan davlatimiz rahbariga O‘zbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish va "aqlli" logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida ma’lumot berdi.