icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitidagi nutqi

30.05.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammitni yuksak darajada tashkil etgani va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich Toqayev sha’niga aytilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Italiya Vazirlar Kengashi Raisi, hurmatli Jorjia Meloni xonimga bugungi uchrashuvni tashkil etish haqidagi tashabbusi uchun yana bir bor tashakkur izhor etaman.

Biz ushbu anjumanni yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyo mintaqasining Yevropa bilan strategik sherikligi haqida erishilgan kelishuvlar natijasi, deb bilishimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

O‘zbekiston tomoni ushbu formatdagi samarali amaliy hamkorlikni, avvalo, mamlakatlarimizning texnologik, sanoat va intellektual salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishga qat’iy azmu qaror qilgan.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Uchrashuvimiz uchun taklif etilgan kun tartibini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Global va mintaqaviy siyosiy jarayonlarning bugungi real sharoitida, xavfsizlik va taraqqiyotga umumiy tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda Italiya bilan ko‘ptomonlama muloqot maydonini ishga tushirishimiz nihoyatda zarur edi, deb hisoblayman.

Mamlakatlarimizni ko‘p asrlik savdo va madaniy aloqalar tarixi o‘zaro bog‘lab turishini ham alohida qayd etishni istar edim. Ilk diplomatik almashuvlar Kushonlar podshohligi va imperator Avgust hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi. Bundan ming yillar muqaddam solnomachilar, shoir va mutafakkirlar shaharlarimiz yuqori darajadagi sivilizatsiyaviy taraqqiyotga erishganini qayd etishgan.

Yana bir dalil – XII asrdan boshlab italiyalik olimlar Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sinoning bebaho asarlarini o‘rganishgan va tarjima qilishgan. Mintaqamizdan yetishib chiqqan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abdurahmon Jomiy, Mahtumquli Firog‘iy va boshqa mashhur mutafakkirlar asarlarining noyob nusxalari Italiya kutubxonalarida asrab-avaylab saqlanmoqda.

Munosabatlarimizning bunday boy tarixi yangi bosqichda keng ko‘lamli sheriklik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hurmatli hamkasblar!

“Markaziy Osiyo – Italiya” formatida o‘zaro hamkorlikning ustuvor jihatlari haqidagi qarashlarimiz haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Siyosiy sohada tashqi siyosat idoralari darajasida doimiy muloqotlarni davom ettirish tarafdorimiz. Xalqaro kun tartibida o‘zaro muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni talab etadigan bir qator dolzarb masalalar mavjud.

Italiya Bosh vaziri, hurmatli Meloni xonimning Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni tezroq boshlash bo‘yicha faol diplomatik sa’y-harakatlarini olqishlaymiz.

Sizning Yaqin Sharq muammosi va Afg‘oniston bilan hamkorlik istiqbollariga oid qarashlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman.

Kecha Samarqandda biz bu nozik masalalarni batafsil muhokama qildik va yondashuvlarimiz o‘xshash ekanini qayd etdik.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda ko‘ptomonlama formatlarda ishchi mexanizmlarni va maxsus xizmatlarimiz o‘rtasida axborot almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Iqtisodiyot sohasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi va investitsiyalar hajmi salkam uch barobar o‘sganini ta’kidlayman.

Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda texnologik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mamlakatni innovatsion rivojlantirishda Italiya ishbilarmonlar hamjamiyatining an’anaviy kuchli pozitsiyasini inobatga olib, savdo-sanoat palatalarimiz shafeligida biznes-muloqot uchun doimiy maydon – “Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tuzishni taklif etaman. Tadbirkorlarning keng ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mamlakatlarimiz poytaxtlarida o‘tkazilishi hamda savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.

Biz, shuningdek, ko‘p tomonlama Sanoat va texnologik kooperatsiya dasturi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi muhim, deb hisoblaymiz. Bu o‘rinda gap texnologiyalar transferi, ilg‘or bilimlar va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish, yuqori texnologik sanoat korxonalarini yaratish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish haqida bormoqda.

Mavjud muvaffaqiyatli tajribani inobatga olib, mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash sohalari uchun zamonaviy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish, ehtiyot qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish, Italiyaning yetakchi brendlari bilan hamkorlikda dizayn markazlarini yaratish kooperatsiyaning muhim yo‘nalishlariga aylanishi mumkin.

Mintaqaviy ahamiyatga molik bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent hududida Yevropa operatori boshqaruvi ostida maxsus sanoat parkini yaratish ishlariga kirishdik.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Italiyaning «SACE» va «SIMEST» davlat agentliklari, shuningdek, qo‘shma investitsiya jamg‘armalarini jalb qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Biz Italiya hukumati bilan “yashil” transformatsiya sohasidagi samarali hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Zararli gazlar chiqarishni qisqartirish bo‘yicha milliy dasturlar ijrosiga ko‘maklashishga qaratilgan ko‘ptomonlama platformalarni ishga tushirish orqali keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishga umid qilamiz.

Italiyaning yetakchi ishlab chiqarish va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda, qayta tiklanadigan energetika, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiya yetkazib berish, korxonalar auditi va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmalari obyektlarini modernizatsiya qilish, vodorod texnologiyalarini rivojlantirish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Gumanitar sohadagi hamkorlik haqida so‘z yuritganda, o‘zining ta’lim dasturlarini sezilarli ravishda kengaytirib borayotgan Turin politexnika va Piza universitetlarining Toshkentdagi filiallari samarali faoliyat ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlashni istar edim. Italiyaning boshqa yetakchi oliy ta’lim muassasalarining mintaqamizga nisbatan ortib borayotgan qiziqishini olqishlaymiz.

Muhandislik, dizayn, suvni tejash va biologik texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar yaratish va moliyalashtirish, akademik almashuvlar va kadrlar tayyorlash dasturlari uchun “Markaziy Osiyo – Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.

Yetakchi operatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma turistik mahsulotlarni yaratish uchun sayyohlik alyansini ishga tushirishdan manfaatdormiz.

Yaqinda Rim va Florensiya shaharlarida o‘tkazilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlar italiyalik do‘stlarimizda juda katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Shu munosabat bilan kelgusi yili Xivada mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining Kreativ iqtisodiyot va madaniy almashuvlar forumini o‘tkazishni taklif etaman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Nutqimning yakunida O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Italiya” formatida o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlayman.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo