
26.02.2025
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida uchrashuvlar samarali bo‘lganini alohida qayd etib, ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston-Pokiston strategik sherikligida yangi sahifa ochishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholadi. Tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, 130 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi.
Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda, siyosiy maslahatlashuvlar, qator ishbilarmonlik tadbirlari va O‘zbekiston sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
- Shu kunlarda Pokistonning yetakchi kompaniyalaridan iborat nufuzli delegatsiya poytaxtimizda bo‘lib turibdi. Bugun biznes vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazib, qo‘shma rejalarni muhokama qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning yangi "o‘sish nuqtalari"ni belgilab olgani, Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etishga kelishib olingani ta’kidlandi.
O‘zaro savdo hajmini keskin oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga qulay sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Farmatsevtika, agrar tarmoq, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surib, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish muhimligi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasidagi yaqin aloqalar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Afg‘onistonni tinch rivojlantirish, Falastin masalasini diplomatik yo‘l bilan hal etish borasidagi pozitsiyalar yaqin ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida, terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Madaniyat va san’at festivallarini o‘zaro o‘tkazish, sayyohlar oqimini, shu jumladan "Umra plyus" dasturi doirasida oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Yakunda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinishi ta’kidlandi.