28.12.2023
28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi bir-birini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan dildan qutlab, qardosh xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yo‘lladi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ilgari erishilgan, shu jumladan parlamentlararo muloqot doirasidagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi.
Tomonlar barcha ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sezilarli faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zaro savdo hajmi oshmoqda – 2023-yil yakuni bilan tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan ortadi. Poytaxt Toshkent va Ashxobod shaharlarida savdo uylari ochildi, birgalikda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda, hududlararo aloqalar kengaymoqda. Joriy yilda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar, shu jumladan Madaniyat kunlari va ijodiy jamoalarning safarlari o‘tkazilmoqda.
Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi. 2024-yilga mo‘ljallangan uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.