27.04.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi.
Yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida Bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda 1,3 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik va xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy vositalarni takomillashtirish, Bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizning JSTga qo‘shilishi va innovatsion ekotizimni yaratish masalalarida texnik ko‘makni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.