26.04.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan 26-aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo munosabatlari sur’atini ta’minlash va yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat yetakchilari shu kunlarda o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ushbu tadbirda 35 mamlakat biznesining 5 ming nafardan ziyod vakili ishtirok etmoqda.
Suhbat chog‘ida avtomobilsozlik, temir yo‘l transporti, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa ustuvor tarmoqlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Sanoat ipotekasi, klasterlar, industrial rivojlanish jamg‘armasi kabi vositalarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribani o‘rganishdan manfaatdorlik bildirildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiya bo‘yicha bo‘lajak referendumning Rossiya Federatsiyasi hududida o‘tkazilishiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Rossiya Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi.