10.03.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va hayot talabi bilan bunyodkorlik ko‘lami ortmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida juda ko‘p ijtimoiy-iqtisodiy inshootlar qurildi. Davlatimiz rahbari bu masalani alohida e’tiborga olib, poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qo‘ygan edi.
Shunga muvofiq, Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Taqdimotda Prezidentimizga shu haqida axborot berildi.
Unga ko‘ra, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, istiqbolli qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan.
Shaharcha yangi ma’muriy va iqtisodiy markaz bo‘ladi. Poytaxtimizning sharqiy qismida, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida barpo etiladi. 800 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.
U yerda vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bog‘lar o‘rin oladi. Xususan, yashil hududlar 363 gektarni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Bugungi kunda binolar qurib bitkazilmoqda. Majmua devorlari milliy naqshlar bilan sayqallanadi, naqqoshlik va xattotlik san’ati uyg‘unlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan majmuada Imom Buxoriy muzeyi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tadbirda ushbu muzeyning konseptual loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Muzey boy madaniy qadriyatlarimizni o‘zida jam qilish barobarida zamonaviy dizaynga ega bo‘ladi. 8 ta pavilon, xususan, Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi, hadis ilmining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati, Imom Buxoriy fazilatlari, bolalar bo‘limi, “Al-jome as-sahih” - islom dinining ikkinchi manbasi, Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga e’tibor kabi mavzularga bo‘linadi.
Davlatimiz rahbari muzeydan o‘rin olgan har bir ashyo va vizual ma’lumot ziyoratchilarga ma’rifat yetkazishi kerakligini alohida qayd etdi.
Mamlakatimizda biznes muhit yaxshilangani sari tashqi savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Bunga mutanosib ravishda bojxona infratuzilmasini ham rivojlantirish zarurati tug‘ilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi “G‘ishtko‘prik” bojxona posti orqali har kuni ko‘plab insonlar o‘tadi.
Shu bois mazkur bojxona posti uchun zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan. Yangi terminal, avtomobil yo‘li, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Prezident majmuada yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, bojxona nazorati va yuklarni o‘tkazish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda, shuningdek, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari va Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonalarining yangi binolari loyihalari haqida ham axborot berildi.