26.02.2023
26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari bugungi keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikdek yuksak darajaga ko‘tarilishida Prezident Rejep Erdog‘anning shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda so‘zlarini izhor etdi va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Turkiya Prezidenti, o‘z navbatida, eng murakkab pallada ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston Prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli o‘nlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniyati va san’ati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining sa’y-harakatlari katta ma’naviy ko‘mak bo‘ldi.
Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2022-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.