01.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniOila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish;
gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash;
jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish.
2. Respublikada oila va xotin-qizlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning muammolariga tizimli yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita), uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish;
oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish;
xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlar yo‘nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga yordam ko‘rsatish.
4. Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasini Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi sifatida qayta tashkil etish hamda Qo‘mita tuzilmasiga o‘tkazish;
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etish hamda Qo‘mita tuzilmasiga o‘tkazish;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnalini Qo‘mita tuzilmasiga o‘tkazish;
“Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” faoliyatini isloh qilish va takomillashtirish.
5. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasiga — Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi lavozimi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasiga — Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalariga — Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari lavozimlari;
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalariga — Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari kiritilsin.
6. Quyidagilar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasidagi — Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim o‘rinbosarlari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimlari;
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim o‘rinbosarlari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlari lavozimlari tugatilsin.
7. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga xotin-qizlar faoli lavozimi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlangan holda bir nafardan joriy etilsin.
8. Quyidagilar mahalladagi xotin-qizlar faolining asosiy vazifalari etib belgilansin:
xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy-axloqiy muhitini va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi;
“Ayollar maslahat kengashlari” bilan yaqin hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarni ishlab chiqish va kredit olishda ularga ko‘maklashish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
9. Belgilansinki:
Qo‘mita oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Qo‘mita bilan kelishiladi;
Qo‘mita tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Qo‘mita xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga mas’ul hisoblanadi;
mahalladagi xotin-qizlar faoli o‘z faoliyatida Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalariga bo‘ysunadi hamda ular oldida hisobdor bo‘ladi.
10. Qo‘mita quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qo‘mita faoliyatini tashkil etish yuzasidan;
ikki hafta muddatda oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan;
uch oy muddatda Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” faoliyatini takomillashtirish yuzasidan.
11. Quyidagilar nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
ijtimoiy hamjihatlik va adolatlilik tamoyillari asosida keksa avlod vakillarining hayot sifati va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
keksa avlod vakillariga o‘z vaqtida, manzilli va samarali ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, ularga sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ta’lim, madaniyat va transport tizimlaridan keng foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
keksa avlod vakillarining kafolatli ijtimoiy va moddiy ta’minotini tashkil etish;
zamonaviy iqtisodiyotda keksa avlod vakillarining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirib borishga sharoitlar yaratish;
keksa avlod vakillarining tizimli ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish.
12. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari negizida tegishincha Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) hamda uning hududiy bo‘linmalari amaldagi moliyalashtirish tartibi va mehnatga haq to‘lash shartlari saqlab qolingan holda tashkil etilsin.
13. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
mahallalarning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;
nuroniy va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik singari an’analarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga keng jalb etish;
nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosi, shu jumladan hududlarda, ayniqsa, olis qishloqlarda keksa avlod vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtirib borish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rish;
mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
14. Belgilab qo‘yilsinki:
Vazirlik nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Vazirlik bilan kelishiladi;
Vazirlik tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Vazirlik Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tegishli huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
15. Vazirlik quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlik faoliyatini tashkil etish yuzasidan;
ikki hafta muddatda nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning hayot darajasini oshirish yuzasidan;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda mahalla tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan.
16. Davlat organlari va tashkilotlarining alohida e’tibori qaratilsinki, mahalla raisi mahalla hududining aholi tomonidan saylangan obro‘li shaxsi bo‘lib, aholi manfaatlarini ifodalaydi hamda hududni kompleks rivojlantirish vazifalari amalga oshirilishini va fuqarolar muammolari samarali hal etilishini tashkil etadi.
17. Mahalla raisiga quyidagi qo‘shimcha huquqlar berilsin:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari faoliyatini hududdagi birinchi navbatda hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirish hamda bu borada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari faoliyatini baholash hamda natijalari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashlariga axborot kiritib borish;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarini rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish.
18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar “Mahalla to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolini mahalla kengashi tarkibiga kiritish;
mahalla raisi, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorining mahalla hududida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalari hamda mahallani kompleks rivojlantirish bo‘yicha kollegial mas’uliyati va javobgarligi doirasini aniq belgilash;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorining o‘zaro hamkorligi hamda ularning mahalla raisi bilan kelishgan holda faoliyat yuritishi;
mahalla raislarini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirish, shu jumladan sog‘lig‘ini tiklash (bepul tibbiy davolanish, sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar berish) hamda davlat majburiy sug‘urtasi (faoliyati davomida mehnat layoqatini yo‘qotganda hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonining 3-bandida nazarda tutilgan qoidalar.
19. Aholi muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqishning bir-biri bilan uzviy bog‘langan to‘rt pog‘onali “mahalla-tuman-viloyat-respublika” tizimi joriy etilsin.
20. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
hududda mahalla raisi tomonidan aholi e’tirozlariga eng ko‘p sabab bo‘layotgan muammolarni aniqlash maqsadida muntazam ravishda muhokamalar o‘tkaziladi;
har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axboroti eshitiladi hamda muammolarning bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi;
mahalla raisi har chorakda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mahallada amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda bartaraf etilmagan tizimli muammolar bo‘yicha tegishli tuman (shahar) xalq qabulxonasiga ma’lumotlar kiritib boradi;
tuman (shahar) xalq qabulxonasi mahalla raisi ma’lumotiga asosan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi hamda mas’ul xodimlarni rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga takliflar beradi.
21. Qo‘mita Vazirlik bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har olti oy yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV