01.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriMamlakatimizda joriy etilayotgan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish, zarur ijtimoiy va axborot-maslahat yordamini ko‘rsatish, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xorijda mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish ko‘lamini oshirish, ish joylaridagi muammolarini tizimli ravishda o‘rganish va ularni hal qilish bo‘yicha zarur amaliy yordam ko‘rsatish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilib borish zaruriyati sezilmoqda.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish maqsadida:
1. 2022-yil 1-iyundan boshlab Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining 1-ilovada ko‘rsatilgan hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti (keyingi o‘rinlarda — vakil) joriy qilinsin.
Belgilansinki:
mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan har bir hududga kamida ikki nafar vakil biriktiriladi;
vakillar Rossiya Federatsiyasida — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari sifatida, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasida — ushbu davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ma’muriy-texnik xodimlari sifatida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi;
vakillarning bir nafari ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, yuqori malakali mutaxassislar orasidan tanlab olinadi va O‘zbekiston Respublikasidan yuboriladi, ikkinchisi esa xorijiy davlatda yashovchi obro‘-e’tiborli, keng dunyoqarashga ega vatandoshlar yoki zarur malaka va tajribaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar orasidan jalb qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasida tanlangan vakillar Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasiga uzoq muddatli xizmat safariga yuboriladi;
vakillarning faoliyati, asosan, O‘zbekiston Respublikasining ko‘p sonli fuqarolari uyushgan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy korxonalar yoki tahsil olayotgan ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi;
xorijiy davlatlarda vakillar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi;
vakil lavozimi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xodimlari sonini ko‘paytirish hisobiga joriy etiladi;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda vakillarni ularning mazkur qaror bilan cheklangan shtatlari soni doirasida boshqa hududlarga biriktirish yoki sonini qisqartirish huquqi beriladi.
2. Quyidagilar vakilning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan hamkorlikda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek milliy-madaniy tashkilotlari bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish hamda mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda muntazam ravishda mehnat migrantlari uchun madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, fuqarolar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar to‘g‘risida xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish ko‘lamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish;
xorijda bo‘lib turgan davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va tahqirlanishga duchor bo‘lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og‘ir kasallikka chalingan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yoki mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish;
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, mehnat organlari va migratsiya markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida axborot va maslahatlar berish, ushbu xizmatlardan foydalanishda ularga ko‘maklashish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularga ish haqi to‘lash, xizmat safari va xorijiy davlatdagi yashash xarajatlarini qoplab berish hamda ularni transport, xizmat binolari, aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash:
2022-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;
2023-yildan boshlab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra har yili Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasidagi vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar Tashqi ishlar vazirligiga o‘tkazib boriladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2023-yil va keyingi yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda vakillar faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasiga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (A. Bekmurodov) Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) bilan birgalikda:
2022-yil 1-mayga qadar vakillar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning mohiyati va mazmunini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-seminarlarni tashkil etsin;
o‘quv-seminarlarga vazirlik, idoralar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning yetarli malaka va tajribaga ega bo‘lgan xodimlarini jalb qilsin.
Belgilansinki, o‘quv-seminarlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
5. Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) bilan birgalikda:
vakillar faoliyatini tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratsin, shu jumladan xizmat xonalari va moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter to‘plami, planshetlar, aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatsin;
obro‘-e’tiborli, keng dunyoqarashga ega vatandoshlar yoki zarur malaka va tajribaga ega boshqa shaxslarni vakil sifatida jalb qilish choralarini ko‘rsin;
vakillarga ular faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatdagi mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqa muassasalar, shuningdek, o‘zbek milliy-madaniy tashkilotlari va vatandoshlar bilan aloqalar o‘rnatishda yordam ko‘rsatsin;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish, mehnat migrantlariga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalarida vakillar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatsin;
vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlanishi va maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
6. Xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2022-yil 1-maydan boshlab Federatsiya mablag‘lari hisobidan har yili:
a) mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining (keyingi o‘rinlarda — hokim yordamchilari) yozma tavsiyanomasiga asosan:
boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma berish;
b) mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar berish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
8. Belgilansinki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga yordam pullari va yo‘llanmalar berishda:
a) yordam pullari va yo‘llanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi;
b) yordam pullari va yo‘llanmalarni olish uchun talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qiladi;
v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
talabgorlardan elektron murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab besh kun ichida ularning mazkur qarorning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga javob berishini qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olmagan holda idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali boshqa vazirlik va idoralardan olingan ma’lumotlar asosida tekshiradi hamda hokim yordamchilari va mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan yozma tavsiyanoma oladi;
mazkur qarorning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan talabgorlarning ro‘yxatini shakllantiradi va har oyning 25-sanasigacha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga taqdim etib boradi.
9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) 2022-yil 1-mayga qadar:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda “Labor migration” dasturiy majmuasini hokim yordamchilari uchun ishlab chiqilgan axborot tizimlari va “Yoshlar portali” elektron platformasi bilan integratsiya qilsin;
“Labor migration” dasturiy majmuasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnat migrantining oila a’zolariga ko‘rsatiladigan yordamlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi maxsus sahifa yaratsin.
10. Tuman (shahar) hokimlari, hokim yordamchilari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari va mahalla raislari muntazam ravishda:
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolari holidan xonadonbay xabar olish, muammolari va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal etishda yordam ko‘rsatish, shuningdek, ularning moddiy, ijtimoiy va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha manzilli ishlarni amalga oshirsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar oila a’zolarining qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish choralarini ko‘rsin hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar oila a’zolariga hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishda hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar bilan ularning oila a’zolari ishtirokida Internet tarmog‘i va boshqa aloqa vositalari orqali bog‘lanib, suhbatlar uyushtirib borsin hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda ushbu fuqarolarning suhbat natijasida aniqlangan muammolarini hal qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar farzandlarining ta’lim olishidagi muammolarini hal qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil qilsin, ularni milliy xalq o‘yinlari, sport musobaqalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb qilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan axborot kiritib borsin.
11. Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev), Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda:
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xorijdagi yoshlar balansi”ni shakllantirsin va ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib borsin;
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etsin;
“Xorijdagi yoshlar balansi”ni shakllantirish va sayyor qabullarni o‘tkazish vaqtida o‘zbekistonlik yoshlarning aniqlangan muammolari va ehtiyojlarini hal qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlardan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2022-yil 1-martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4829-son qarori 11-bandida nazarda tutilgan mikroqarzlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham to‘lanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyuldagi “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5205-son qarorida nazarda tutilgan malaka imtihonlarini topshirish, yo‘l chiptasini xarid qilish va “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bo‘yicha kompensatsiyalar 2023-yil 1-yanvarga qadar to‘lanadi.
13. O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari xorijda bo‘lib turgan fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqot o‘rnatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin, shu jumladan:
muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasining ko‘p sonli fuqarolari uyushgan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy korxonalar yoki tahsil olayotgan ta’lim tashkilotlarida sayyor uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etib borsin;
xorijda bo‘lib turgan fuqarolarni diplomatik vakolatxona va konsullik muassasa faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirish maqsadida muntazam ravishda “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazsin;
mehnat migrantlari hayotidan ijobiy misollar va ularning qahramonliklari aks ettirilgan videomateriallar tayyorlasin hamda har oyda kamida bir marotaba xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib tashqi ishlar vaziri A.H. Kamilov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.M. Muxitdinov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.A. Xayriddinov belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV