24.02.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida ish boshlagan plastik eshik va romlar korxonasini borib ko‘rdi.
Bu loyiha uchun “Jana bazar” mahallasi hududidan 4 gektar yer ajratilib, 2 million dollarlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Korxona jami 270 ming kvadrat metr eshik va deraza romlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 230 kishi ish bilan ta’minlandi. Ularning ko‘pchiligi yoshlar.
Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Nukus shahriga Toshkent shahar hokimligi biriktirilgan. Hududning drayveri — oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati, turizm. Shu asosda Nukus shahrini 2022-yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 1 trillion 361 milliard so‘mlik 10 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Prezident “Jeke terek” mahallasidagi yangi turar-joy majmuasi qurilishi maydonida ham bo‘ldi. Bu yerda 5 ta 16 qavatli uy barpo etish mo‘ljallangan. Ularning bittasi hozir qurilmoqda.
Bu majmua yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida tiklanadi. Tashqi devorlar uch qoplamali bo‘lib, xonadonlarning qishda iliq, yozda salqin turishini ta’minlaydi. Uylar zamonaviy jihozlanib, tayyor holda topshiriladi.