10.02.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi 59-maktab-internatni borib ko‘rdi.
Bu muassasa 1974-yilda qurilgan, 2009-yilda kapital ta’mirlangan. O‘quv binolari, yotoqxona va oshxonada zarur sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda muassasada 259 nafar ko‘zi ojiz bolalar bilim olmoqda.
Maktabda fanlar va musiqa to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘plab o‘quvchilar san’at va sport yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda muvaffaqiyatlarga erishgan. O‘tgan yili maktab-internatni tamomlagan 19 nafar yoshdan 9 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
Davlatimiz rahbari o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Ular 2003-yilda, Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan paytda ham bu yerga kelganini yodga olishdi. Maktabdagi sharoitlar, o‘qishga kirishdagi imtiyozlar uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi.
- Hamma harakatlarimiz tagida inson qadrini ulug‘lash maqsadi bor. Bugun bu yerga sizlarning xohish-istaklaringiz, muammolaringizni bilish uchun keldim. Maqsadimiz - yaxshi o‘qib, ishlab, jamiyatda o‘rin topishingiz uchun sharoit yaratish, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘qituvchilar brayl alifbosidagi yangi darsliklar, ayniqsa, chet tili bo‘yicha kitoblar, kompyuter klaviaturalari yetishmayotganini aytdi. Imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash malakasiga ega psixologlar ham kam.
Prezidentimiz bularning hammasini inobatga olib, ko‘zi ojiz insonlar uchun imkoniyatlar kengaytirilishini ta’kidladi.
- Shunday qaror qabul qilamizki, avvalo maktablarning o‘zida o‘quvchilar kasbga o‘rgatiladi. Har bir oliygohda, tashkilotda ko‘zi ojiz insonlar uchun alohida o‘rinlar bo‘ladi. Bu sohadagi eng katta qiyinchiliklardan biri - maktabgacha ta’lim. Shuning uchun har bir maktab-internat yonida bog‘cha ham qurish kerak, - dedi davlat rahbari.
Bu borada hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.