10.12.2021
Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich!
Hurmatli Nursulton Abishevich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi navbatdagi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini qutlashdan bag‘oyat mamnunman.
Hamkasblarimning so‘zlariga qo‘shilgan holda, Qozog‘iston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi muvaffaqiyatli raisligini qayd etmoqchiman.
Qozog‘istonlik hamkorlarimiz tashabbusi bilan Birlashma doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga xizmat qilgan muhim qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlar qo‘llab-quvvatlangani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy kengashiga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi.
O‘tgan davrda biz uzoq muddatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdik.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli va samarali ish yo‘lga qo‘yildi.
Memorandum va uch yillik aniq Chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa organlari ishida ham faol qatnashmoqda.
Biz milliy qonunchilikni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi normalari bilan, birinchi navbatda, standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish choralari sohasida yaqinlashtirish masalasida izchil harakat qilmoqdamiz.
Yurtimiz “COVIDsiz sayohat qilaman” raqamli platformasiga ulandi.
O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilish jarayoni boshlandi.
Bugungi davr qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni izlab topishga muvaffaq bo‘lyapmiz.
Xususan, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi joriy yilning 11 oyida 30 foizga ortdi.
Ayni paytda, pandemiyadan avvalgi 2019 yil bilan taqqoslaganda, Birlashma mamlakatlari bilan o‘zaro savdomiz 11 foizga oshdi.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbekiston Tashkilotimizga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy sur’atni saqlab qolish va ularni barqaror rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi tarafdoridir.
Shu munosabat bilan qo‘shma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi. O‘zaro savdodagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz.
Texnik tartibga solish normalari, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya talablarini uyg‘unlashtirish ishlarini davom ettirmoqdamiz.
Bu borada Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda alohida “Yo‘l xaritasi”ni kelishish jarayonini yakunlayapmiz.
Ikkinchi. Avvalgi sammitda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhim ekani xususida ancha so‘z yuritildi.
Bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarimiz ishtirokchi davlatlar bilan ko‘proq ikki tomonlama asosda olib borilmoqda.
Biz Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilganmiz va izchil amalga oshiryapmiz.
Birlashma bilan tegishli hamkorlikni tizimli asosda tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy kengashining Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etishga tayyormiz.
Uchinchi. Yangi transport yo‘laklarini barpo etish loyihalarini ilgari surish mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini oshirish borasidagi birgalikdagi ishlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi.
O‘zbekistonning bugun imzolanayotgan bitimga muvofiq amalga oshiriladigan yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy etish bo‘yicha dasturga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining Logistika zanjirlarini rivojlantirishning raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi yangi tashabbus ham bizda qiziqish uyg‘otmoqda.
To‘rtinchi. Global iqlim kun tartibini hisobga olib, a’zo va kuzatuvchi davlatlarning “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir.
Shu munosabat bilan, hozirgina Vladimir Vladimirovich aytgan Yuqori darajadagi ishchi guruhga qo‘shilishga tayyormiz hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasidagi qo‘shma Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etamiz.
Beshinchi. Raqamli iqtisodiyotga o‘tish, innovatsiyalar va ilg‘or IT-yechimlarni keng joriy qilish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bu borada bilim, tajriba va ilg‘or texnologiyalar almashish, mamlakatlarimiz IT-parklari va markazlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish, sohada ishbilarmonlar sherikligini kengaytirish maqsadida navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz.
Oltinchi. Yevroosiyo makonidagi muhim ishbilarmonlik tashabbuslari va dasturlarini amalga oshirishga kuzatuvchi davlatlarni yanada faol jalb etish yuzasidan o‘zaro kelishilgan takliflar tayyorlash, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvni rag‘batlantirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan samarali foydalanish niyatidamiz.
Buning uchun markaz negizida mamlakatlarimiz taraqqiyot institutlarining faol ishtirokida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha turkum tadbirlar o‘tkazishni taklif etamiz.
Yettinchi. Iqtisodiy integratsiya maqsadlaridan kelib chiqib, kuzatuvchi mamlakatlarning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashi va organlari ishida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishni istardik.
Bu hamkorlik samaradorligini oshirish va qo‘shma qarorlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlayman.
So‘zim yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga raislik Qirg‘izistonga o‘tgani munosabati bilan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurgojoyevich Japarovga katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Fursatdan foydalanib, hurmatli do‘stlar, sizlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklayman, mustahkam sog‘lik, farovonlik va o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlarning ro‘yobini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.