24.07.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Federatsiya Kengashi Raisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilayotgan faol parlamentlararo almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi yaqin va konstruktiv muloqotni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.