27.04.2017
Prezidentimiz Jizzax shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha shaharlari qatori Jizzax shahrida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. Zamonaviy uy-joylar, yangi yo‘l va ko‘chalar, xiyobonlar barpo etilmoqda.
Temiryo‘lchilar va Toshkent ko‘chalarining me’moriy yechimi bo‘yicha loyiha shaharda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyihaga muvofiq mazkur ko‘chalarni tutashtiruvchi 900 metrli, to‘rt polosali yana bir yo‘l quriladi. Bu transport vositalari harakatiga, temir yo‘l vokzaliga kelib-ketuvchilarga katta qulaylik yaratadi. Yangi ko‘chaning ikki tomonida 5-7 qavatli zamonaviy uy-joylar bunyod etiladi. Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida ham 7 qavatli turar joylar quriladi. O‘zbekiston ko‘chasi kengaytiriladi.
Jizzax viloyati tumanlari markazlarida bunyod etiladigan 4 qavatli arzon uy-joylar loyihasi ham taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari bu ko‘cha va yangi uylar shahar qiyofasini o‘zgartirish, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari ham namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-noyabrda Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash, u kishi tug‘ilib o‘sgan Jizzax zaminida yodgorlik majmuasi barpo etish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusning ijobati sifatida Jizzax tumani Sharof Rashidov tumani deb nomlandi. 2017-yil 27-mart kuni Prezidentimizning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jizzax shahrida Sharof Rashidov xiyoboni barpo etilmoqda. Bu yerda Sharof Rashidov haykali o‘rnatilib, atrofida bog‘ yaratiladi. Ushbu xiyobon shu yil noyabr oyida ochiladi.
Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonini barpo etish, mazmun-mohiyatini boyitish, ularning maktablarini tashkil etish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.