13.05.2021
13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini hamda O‘zbekiston va Tojikistonning birodar xalqlarini muqaddas Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu hafta Toshkent shahrida Bosh vazirlar raisligida o‘tadigan qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida asosiy vazifa uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni izlash ekani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlarini ham muhokama qildilar. Shu ma’noda tomonlar Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili sifatida Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyat barqarorlashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.