11.12.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan tadbirda kengashning Faxriy Raisi, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Talant Mamitov va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon hamda taklif etilgan Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes qatnashdi.
Sammit kun tartibiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish masalasi ko‘rib chiqildi, shuningdek, birlashma doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomini olish to‘g‘risidagi murojaati qo‘llab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirib, YeOIIning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani, tashkilotning xorijiy mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik geografiyasi keng ekanini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida O‘zbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.
Bu quyidagi muhim omillar bilan izohlanadi.
YeOII mamlakatlari, eng avvalo, O‘zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Keyingi yillarda yurtimizning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi.
Mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldirib turadi, turli tarmoqlarda samarali kooperatsiya va mingdan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bundan dalolatdir.
O‘zbekiston va YeOIIga a’zo davlatlarning transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasi chuqur integratsiyalashgan va o‘zaro yaqindan bog‘langan.
Bundan tashqari, keng Yevroosiyo mintaqasi doirasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarga mehnat resurslarining yuqori darajadagi mobilligi xosdir.
Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan to‘liq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi to‘siq va g‘ovlarni birgalikda bartaraf etish, o‘zaro sa’y-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishga chaqirdi.
O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlar asosida qo‘shilgan qiymat yaratishning barqaror zanjirlarini shakllantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Transport va tranzit sohasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa transport yo‘laklarini yanada faol ishga solish, ularning raqobatbardoshligi va quvvatini salmoqli darajada oshirishga yordam beradi.
Mehnat migratsiyasi sohasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Bu aholi bandligi bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb masalalarni hal qilish hamda ishtirokchi davlatlar iqtisodiyotlarining malakali mutaxassislarga tobora ortib borayotgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqorida qayd etilgan barcha omillar mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ma’qullanishi uchun asos bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bu amaliy va ko‘p qirrali munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga chiqish, tashkilot doirasida ro‘y berayotgan muhim jarayonlarni yanada chuqur va aniq tushunish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida bunday sheriklikni rivojlantirish mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga javob berishi, teng huquqlilik, o‘zaro foyda va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi yakunida YeOIIga a’zo mamlakatlar yetakchilari O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildilar.