15.01.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Jahonda iqtisodiy raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi davrda barqarorlikning asosiy omili ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallashdir.
Eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yili mamlakatimiz eksporti hajmi 28 foizga o‘sdi. Hududiy sanoat eksporti qariyb 2 barobarga oshdi.
Mazkur yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlarni yanada oshirish maqsadida bu yildan boshlab prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash va monitoring qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.
Avvalambor, eksport prognozi 3 yillik qilib tasdiqlandi. 2020 yil rejasi o‘tgan yilgiga nisbatan 22 foiz ko‘p belgilandi.
Videoselektor yig‘ilishida eksport, investitsiya va mahalliylashtirish yo‘nalishlariga mas’ul mutasaddilarning vazifalari ko‘rib chiqildi. Har bir dollardan unumli foydalanish bo‘yicha hududlar va tarmoqlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati belgilandi.
Davlatimiz rahbari bundan buyon tarmoq yoki hududning masalasi degan sansolarlik bo‘lmasligi, eksport prognozi ijrosini ta’minlashga har bir vazir, xo‘jalik birlashmasi rahbari hokim bilan birga teppa-teng javob berishini ta’kidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joriy yilgi eksport prognozi ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, mahsulotlarni qayerga, qachon eksport qilish va buni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash vazifasi qo‘yildi.
To‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari va avtomobil sanoati kabi yetakchi tarmoqlar salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga paxta tolasini qayta ishlash quvvatlarini 80 foizga yetkazish, yangi korxonalar hisobiga eksport nomenklaturasini diversifikatsiya qilish hamda geografiyasini kengaytirish topshirildi.
Mamlakatimiz eksportyorlarining salohiyatli bozorlarga kirishini yengillashtirish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etish, «GSP+» umumiy preferensiyalar tizimiga qo‘shilish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda meva-sabzavotlar eksporti masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Meva-sabzavot ekinlarini eksport talabidan kelib chiqib optimal joylashtirish, salohiyatli tashqi bozorlarda savdo uylari va dilerlik tarmoqlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ixtisoslashgan 55 ta tumanda meva-sabzavotlar ishlab chiqarishni klaster shakliga o‘tkazish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
“O‘zstandart” agentligiga hududiy hokimliklar bilan birgalikda 155 ta fermer xo‘jaligida “Global G.A.P.” xalqaro standartini joriy etish, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlar talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eksport faoliyati jozibadorligini oshirish uchun eksport va eksportoldi moliyalashtirish tizimini tashkil etish, tashish xarajatlarini qoplash mexanizmini kengaytirish borasida chora-tadbirlar belgilandi.
Videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb etish masalalari tahlil qilindi.
O‘tgan yili barcha manbalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati 5,4 milliard dollar bo‘lgan 145 ta tarmoq va 167 ta hududiy loyihalar ishga tushirildi.
Joriy yildan boshlab Investitsiya dasturlari yangi tizim asosida ishlab chiqildi. 2020 yil uchun 1569 ta xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda 233 trillion 200 milliard so‘m, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda tarmoqlar va hududlar rahbarlari bu borada amalga oshirishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga tarmoq loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha javobgarlik yuklandi. Hududlarda amalga oshiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi har bir loyihaga respublika idoralari rahbarlari mas’ul sifatida biriktirildi.
Mutasaddilarga galdagi loyihalar bo‘yicha loyihaoldi ishlarini yakunlab, xorijiy investorlar bilan shartnomalar imzolash va ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Videoselektorda joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalar ijrosi ham muhokama qilindi.
Prezidentimiz byudjet mablag‘larining samarali sarflanishi, belgilangan 2 ming 190 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga olish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yilda 372 ta bolalar bog‘chasi, 343 ta maktab, 228 ta tibbiyot muassasasi, 61 ta oliy o‘quv yurti, 44 ta sport inshooti, 187 ta ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 241 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan.
O‘tgan yili boshlangan loyihalarni sifatli amalga oshirish, yangi ob’ektlar bo‘yicha tender savdolarini yakunlash va moliyalashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish, investitsiyalar samaradorligini baholashda muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Mutasaddilarga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tarmoqlar va hududlar bo‘yicha investitsiya strategiyasini ishlab chiqish, bunda jalb qilinayotgan investitsiyalar samaradorligi va iqtisodiy-ijtimoiy ta’sirini baholash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni yo‘naltirish uchun yetakchi sohalarni belgilash vazifasi qo‘yildi.
Investitsiya loyihalarini joylashtirishda birinchi navbatda infratuzilmaga ulanish imkoniyatlari va xarajatlariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi kunning dolzarb masalalaridan yana biri – mahalliylashtirishni chuqurlashtirish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish.
2019 yil yakuni bo‘yicha lokalizatsiya doirasida 800 dan ortiq loyihalar ishga tushirildi. Xususan, polivinilxlorid, katanka, elektrodvigatel, shisha idishlar, maishiy texnika, har xil dori-darmonlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Joriy yildan boshlab mahalliylashtirish dasturini yangicha yondashuvlar asosida shakllantiramiz, dedi davlatimiz rahbari.
Xususan, 830 ta loyiha doirasida 9 trillion so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “O‘zagrotexsanoat-xolding” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ, “Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish” agentligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona viloyati, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari aniq loyihalarni amalga oshirishlari lozimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir vazirlik va idora bilan birgalikda bir oy muddatda 2020 yil mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, loyihalarni amalga oshirishda asosiy e’tibor mahsulotning raqobatbardoshligi va iqtisodiy samaradorligiga, tannarxini kamaytirishga qaratilishi kerak.
“O‘zstandart” agentligiga tadbirkorlik sub’ektlariga import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy nazorat o‘rnatish topshirig‘i berildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga joylardagi mas’ullar bilan birgalikda Respublika sanoat yarmarkasi doirasida tuzilgan shartnomalar ijrosini to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Videoselektor yig‘ilishida mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitildi, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.