14.01.2020
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
O‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz avvalo o‘z jangovar postida doimo hushyor va sergak turib, yurtimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan mard va jasur, sodiq o‘g‘lonlarimizni, fidoyi
ota-bobolarimizni, haqiqiy vatanparvar insonlarni sharaflab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Ana shunday botir va jonkuyar farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan hurmatli ota-onalarga, harbiy xizmatchilarimizga o‘z muqaddas burchini ado etishda hamisha tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan ularning oila a’zolariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
Armiyamizning kuch-qudrati harbiy xizmatchilar bilan butun jamiyatimizning birligi va hamjihatligida, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Mana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, hech qanday yovuz kuch O‘zbekiston mustaqilligiga, tinch va osuda hayotimizga raxna sololmaydi, bizni demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan ortga qaytara olmaydi.
Muhtaram do‘stlar!
Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotining mustahkam kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari o‘tgan 28 yilda g‘oyat murakkab va ayni paytda shonli shakllanish yo‘lini bosib o‘tdi.
Ayniqsa, keyingi yillarda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanib bormoqda.
Mintaqamizda ochiqlik va milliy manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan yangi siyosatni amalga oshirish doirasida Qurolli Kuchlarimiz Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridagi hamkasblari bilan yaqin sheriklik aloqalarini o‘rnatdi va mustahkamlamoqda. So‘nggi yillarda biz bir qator qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini birgalikda o‘tkazdik. Shuningdek, yuqori darajadagi harbiy delegatsiyalarning tashriflarini tashkil etdik, tezkor va jangovar tayyorgarlik borasida tajriba almashdik.
Bizning tobora kuchayib borayotgan bunday hamkorligimiz bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni, Markaziy Osiyo deb atalmish umumiy uyimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning muhim omiliga aylanib bormoqda.
Dunyodagi eng yuksak standartlar darajasida tashkil etilgan uzluksiz harbiy ta’lim tizimi izchil rivojlanmoqda. Hozirgi paytda yangitdan tuzilgan, mohiyat e’tibori bilan noyob bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mamlakatimizning zamonaviy oliy ta’lim muassasalari qatoridan munosib joy egalladi.
Shu bilan birga, boshqaruvning tezkor-strategik bo‘g‘inida xizmat qiladigan ofitser kadrlarni tayyorlaydigan yangi fakultet tashkil etildi, Qurolli Kuchlar akademiyasida qo‘shimcha ta’lim infratuzilmalari foydalanishga topshirildi. Maxsus vazifalarni bajaradigan bo‘linmalar uchun harbiy xizmatchilar tayyorlaydigan o‘quv markazini tashkil etish jarayoni nihoyasiga yetkazilmoqda.
Milliy gvardiyaning Harbiy-texnik instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda.
Jangovar tayyorgarlikning modernizatsiya qilingan, moslashuvchan tizimini joriy etish bilan uyg‘un holda, Qurolli Kuchlarning yangi tashkiliy tuzilmaga o‘tkazilishi milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini bir necha barobar oshirdi.
Bugungi kunda bizning harbiylarimiz o‘zlarining professional tayyorgarlik darajasi bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini so‘zda emas, amalda isbotlamoqda. Xalqaro harbiy o‘quv musobaqalarida, armiyalar o‘rtasidagi va sport bellashuvlarida O‘zbekiston vakillari o‘zlarining mahorati, ruhan baquvvatligi, g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyon etmoqda, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi butun O‘zbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlarimizda milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uyg‘otmoqda.
Milliy armiyamizni qurol-yarog‘ va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlashga qodir bo‘lgan mudofaa-sanoat kompleksimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalar bosqichma-bosqich hal qilinmoqda.
Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi va jangovar o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan korxonaning modernizatsiya qilingani va texnik qayta jihozlangani bunga yaqqol misol bo‘la oladi, ularda qayta tashkil etilgan ilmiy-texnik salohiyat esa mazkur tarmoqlarda ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini shakllantirishning asosiga aylanib bormoqda.
Iqtisodiyotning to‘laqonli mudofaa sektorini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz yaqin istiqbolda nafaqat milliy armiyamizni qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, balki qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Xalq va armiya o‘rtasida ishonchli ko‘prikka aylangan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatida muayyan yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu sektorlar tashkil etilganidan buyon “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan shior ostida harbiy infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va to‘planib qolgan ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi, moddiy ta’minot xizmatlari sohasiga autsorsing tizimi joriy etildi. O‘tgan uch yil davomida 8 mingdan ziyod harbiy xizmatchilar oilalarini qulay va shinam kvartiralar bilan ta’minlash uchun 275 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi, harbiy xizmatchilarning ayollari uchun qariyb 600 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 1 ming 900 nafar harbiy pensioner ishga joylashtirildi.
Armiyamiz unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga faol kirishganini alohida qayd etishni istardim. “Vatanparvar” va “Faxriylar” singari tashkilotlar, shuningdek, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish hamda ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha g‘oyat zarur bo‘lgan ishlarni birgalikda davom ettiradi, deb ishonaman.
Shu o‘rinda Qurolli Kuchlar faoliyati ustidan fuqarolik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqchiman. Bugungi kunda mamlakatimiz parlamenti o‘zining kengaytirilgan vakolatlari doirasida “Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonun va mudofaa sohasidagi boshqa huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilmoqda. O‘tgan yili Oliy Majlis Senati tomonidan Qurolli Kuchlarning qurilishi va rivojlanishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tashiga doir dolzarb masalalar yuzasidan harbiylashgan vazirlik va idoralar rahbarlarining ma’ruzalari bir necha bor eshitilganini ta’kidlash lozim.
Qadrli yurtdoshlar!
Jahondagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol keskinlashib, xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib borayotgani bizdan xalqaro va mintaqaviy vaziyatni har tomonlama tahlil va prognoz qilishni, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishni talab etmoqda.
Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, qo‘shinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, jangovar tayyorgarlikni tashkil etish samaradorligini oshirish, Qurolli Kuchlarni eng yangi qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirish bo‘yicha faol olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish zarur.
Biz yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash, o‘quv-tarbiya jarayonlariga ilg‘or xorijiy tajribalarni, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilishga bundan buyon ham birinchi darajali ahamiyat qaratamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Vatanimizning mard va jasur himoyachilari!
Ushbu qutlug‘ bayram kunlarida hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini nishonlash arafasida o‘z hayoti evaziga dunyo xalqlarining ozodligi va erkinligini saqlab qolishga erishgan g‘olib ajdodlarimizga yuksak hurmat va e’tibor ko‘rsatish qanchalik muhim ekanini barchamiz har qachongidan ham chuqur his etib,
bu borada katta amaliy ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Siz, hurmatli harbiy xizmatchilarga – askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylariga Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishdek sharafli vazifani ado etishda mustahkam sog‘lik, ulkan muvaffaqiyatlar, kuch-g‘ayrat, oilalaringizga esa yangi – 2020 yilda fayz-baraka va baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni