15.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi.
Tashrifning birinchi kunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Yetakchilar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
15-oktabr kuni mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida boʻlib oʻtgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi, texnologik ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanish boʻyicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi hamda iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidladi.
Sammit doirasida Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan alohida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, sammit doirasida boshqa delegatsiyalar rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Tashrif yakunida Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shahin Mustafayev va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi. Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi.


