30.08.2017
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 14-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 24-avgustda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (bundan buyon matnda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs bo‘lib, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) tomonidan rioya etilishini ta’minlaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.
4-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tayinlanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, oliy ma’lumotli, davlat tilini biladigan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatda yoxud tadbirkorlik faoliyatida tajribaga ega bo‘lgan, bevosita tayinlanishidan oldin kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil etib tayinlanishi mumkin.
5-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil lavozimiga mos kelmaydigan faoliyat
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘zining siyosiy partiyaga a’zoligini o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda to‘xtatib turishi yoki tugatishi shart. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
6-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, adolatparvarlik, insonparvarlik, oshkoralik, ochiqlik, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligidan iboratdir.
7-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilishini o‘rganish;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta’siri samaradorligini baholash;
tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
8-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning huquqlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining davlat organlari tomonidan og‘ishmay ijro etilishini o‘rganish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazishning qonuniyligi monitoringini amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish faktlarining oldini olish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritish;
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda ogohlantirishlar e’lon qilish;
qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab arizalar va da’volar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish;
davlat organlari va tashkilotlardan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallarni, xulosalarni va boshqa axborotni so‘rash hamda olish;
davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislarida ishtirok etish;
zarur bo‘lgan hollarda, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlarining, ilmiy muassasalarning va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb etish, ishchi guruhlar tuzish;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va hukm qilingan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashish uchun qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9-modda. Ogohlantirish
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda e’lon qilinadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ogohlantirish to‘g‘risida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga xabar qilishga haqli.
10-modda. Taqdimnoma
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritiladi.
Taqdimnoma kechiktirmay ko‘rib chiqilishi va ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, o‘n besh kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar qilinishi lozim.
11-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning majburiyatlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z faoliyatini amalga oshirishda:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etishi, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga to‘siqlarni vujudga keltirmasligi;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi;
arz qiluvchilarni shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida xabardor etishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
12-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining shikoyatlarini va boshqa murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tadbirkorlik subyektlarining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi.
Tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ko‘rib chiqish doirasiga kirmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil shikoyatlarni ko‘rib chiqayotganda o‘z vakolatlari doirasida:
masalani uning mohiyatiga ko‘ra hal qilishi;
arz qiluvchi o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan vositalar va shakllarni ko‘rsatishi;
shikoyatni uning mohiyatiga ko‘ra hal qilishga vakolatli bo‘lgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborishi;
arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishi;
sababini albatta ko‘rsatgan holda shikoyatni ko‘rib chiqishni rad etishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham ko‘rishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan o‘ziga axborot to‘plash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish vazifasi topshirilgan shaxslarning bunday harakatlar uchun ta’qib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil nomiga tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan yoki hukm qilingan va qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida turgan vakillari tomonidan yuborilgan shikoyatlar, shuningdek ma’muriy qamoqqa olingan hamda maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning shikoyatlari ular saqlanayotgan joylarning ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga darhol yetkazib beriladi.
Davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning murojaatiga yozma shaklda javob yuborishi, shuningdek so‘ralayotgan ma’lumotlarni, hujjatlarni va materiallarni tegishli murojaat qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan oshmagan muddatda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga takdim etishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning murojaatiga javob murojaat bevosita qaysi davlat organi rahbariga yo‘llangan bo‘lsa, o‘sha davlat organi rahbarining yoki uning o‘rinbosarining imzosi bilan yuboriladi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlarining boshqa murojaatlarini ko‘rib chiqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning shikoyatlarni ko‘rib chiqish yakunlariga doir xulosasi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qaysi davlat organining yoki boshqa tashkilotning, uning mansabdor shaxsining qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan bo‘lsa, o‘sha davlat organiga yoki boshqa tashkilotga, uning mansabdor shaxsiga tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan o‘z xulosasini yuboradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ishning davlat organi yoki boshqa tashkilot yoxud mansabdor shaxs tomonidan nihoyasiga yetkazilishi zarurligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qarori o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qarorini asoslantirish zarurligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qo‘shimcha qaror qabul qilishi kerakligi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham bo‘lishi mumkin.
14-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish shartlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil arz qiluvchiga o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, o‘z shikoyati bo‘yicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan e’tiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Shikoyat berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tiklanishi mumkin.
15-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga beriladigan shikoyatlarga qo‘yiladigan talablar
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa, uning to‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shikoyat bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar unga ilova qilinishi mumkin bo‘lib, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olishi mumkin. Shikoyatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.
16-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning hisobdorligi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishining holatiga doir axborotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli asosda taqdim etadi.
17-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyatining institutlari bilan hamkorligi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘z vakolatlari doirasida hamkorlikni amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mavjud materiallar to‘g‘risida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot almashuvini, shu jumladan elektron shakldagi axborot almashuvini amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlar va komissiyalar faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida, shuningdek mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash uchun Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil huzurida Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tuzilishi mumkin. Komissiyani Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil boshqaradi.
18-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning faoliyatiga ko‘maklashish
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga uning faoliyatida ko‘maklashishi, u tomonidan so‘ralayotgan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli bo‘lgan hujjatlar, materiallar hamda boshqa ma’lumotlarni, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmasdan taqdim etishi shart.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir so‘rovlari, xulosalari, takliflari va tavsiyalarini ko‘rib chiqishi, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning qonuniy talablarini bajarishi hamda ko‘rib chiqish natijalari va ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida belgilangan muddatda uni xabardor qilishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning faoliyatiga to‘sqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
19-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning daxlsizlik huquqi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini, aloqa vositalari va hujjatlarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zgatilishi mumkin.
20-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil lavozimdan quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:
u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida yozma ravishda ariza bergan taqdirda;
u qonunga ko‘ra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning vakolatlarini amalga oshirishga mos kelmaydigan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
u sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil vazifasini bajarishga uzoq vaqt mobaynida qodir bo‘lmagan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u o‘z majburiyatlarini muntazam ravishda, uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda.
21-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning o‘rinbosari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan o‘rinbosari bo‘ladi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilingan takdirda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi vakil tayinlanguniga qadar uning vazifasini o‘rinbosari vaqtincha bajarib turadi va ana shu davrda unga nisbatan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil uchun belgilangan kafolatlar tatbiq etiladi.
22-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning devoni
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning faoliyati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning devoni (bundan buyon matnda Vakil devoni deb yuritiladi) tomonidan ta’minlanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Vakil devonining rahbaridir.
Vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat ko‘rsatish, moddiy ragbatlantirish va mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
Vakil devonining tuzilmasi va uning xodimlarining shtat birligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vakil devoni yuridik shaxs bo‘lib, o‘z hisob-kitob varag‘iga va boshqa hisobvaraqlarga, o‘z nomi yozilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga ega bo‘ladi.
Vakil devoni to‘g‘risidagi nizom Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
23-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning va Vakil o‘rinbosarining ijtimoiy himoyasi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil - maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining sho‘’ba mudiriga tenglashtiriladi.
24-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning xalqaro aloqalari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida xorijiy mamlakatlarning xuddi shunday institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning milliy organlari va boshqa muassasalar bilan xalqaro xamkorlikni amalga oshiradi.
25-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa ta’minoti
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Vakil devoni faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
26-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonun xujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
27-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
28-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev