24.09.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-sentabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga toʻxtalib, joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 8,8 foizga oʻsganini qayd etdi. Sanoat, xizmatlar va investitsiyalarda ham ijobiy surʼatlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, eng muhim mezon bu koʻrsatkichlar har bir oilaning kundalik hayotida qanday aks etayotgani ekani taʼkidlandi.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan boʻlsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, koʻp sonli yoshlar, shakllangan sanoat maktabi va katta bozor mavjud. Soʻnggi yillarda viloyatga ajratilayotgan budjet mablagʻlari va kredit resurslari sezilarli koʻpaydi, mahalliy rahbarlarga keng vakolatlar berildi. Endi ushbu imkoniyatlarni yuqori daromadli ish oʻrinlari va aholi farovonligiga aylantirish talab etiladi.
Yigʻilishda, avvalo, investitsiyalarning sifati va samaradorligini oshirish masalasi koʻrib chiqildi. Sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydonda 7 milliard dollar investitsiya hisobiga kamida 70 ming yuqori daromadli ish oʻrni yaratish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bilan birga, sarmoyalarning mamlakatlar va tarmoqlar boʻyicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani, axborot texnologiyalari va tadqiqot yoʻnalishlariga investitsiyalar kam jalb etilayotgani taʼkidlandi. Viloyatda malakali kadrlar va eksport imkoniyatlari mavjud boʻlgan sohalarning texnologik bazasini mustahkamlash zarurligi bildirildi.
Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik boʻyicha toʻplangan tajriba asosida oʻz texnologiyalarini yaratishga oʻtish vazifasi qoʻyildi. “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Toʻqimachilikda ham mavjud quvvatlardan yuqori samara bilan foydalanish, xorijlik dizayner, konstruktor va brendlarni jalb etib, qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtish zarur. Investitsiya natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qoʻshilgan qiymat bilan baholanishi belgilandi.
Qoraqalpogʻiston tajribasi asosida boshqa hududlarda ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etiladi. Andijondagi menejer viloyatning yangi investitsiya modelini shakllantirishga masʼul boʻladi. Tumanlarning sanoat, xizmatlar va qishloq xoʻjaligi imkoniyatlari sunʼiy intellekt yordamida baholanib, yuqori samara beradigan yoʻnalishlarga sarmoya jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Yirik korxonalar faoliyatini kengaytirish va ularni texnologik modernizatsiya qilish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish choralari koʻriladi. Kelgusi yil viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ulugʻnorda paxtadan ozuqa ekinlariga oʻtkazilgan maydonlar hamda dala chetlaridan samarali foydalanish orqali chorvachilikni kengaytirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi. Ulugʻnor va Boʻstonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchidagi tovuq goʻshti yetishtirish kompleksi tajribasi asosida Jalaquduq va Xoʻjaobodda yangi parrandachilik loyihalari boshlanadi. Ulugʻnorda baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish uchun alohida “Agrostar” kompaniyasi tashkil etiladi. Bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarib, sanoatlashgan bogʻlar barpo etish boshlanadi. Bogʻlar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi.
Meva-sabzavotchilikda “gektardan – maksimal qiymat” tamoyiliga oʻtish belgilandi. Aholiga kichik qayta ishlash uskunalari lizingga berilib, tuman brendlarini yaratish ragʻbatlantiriladi. Natijada yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash ulushini 30 foizga, eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoni bor. Baliqchidagi issiqxona loyihasi tajribasi respublika boʻylab ommalashtiriladi.
Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshimcha koʻmak choralari belgilandi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming soʻmdan subsidiya beriladi. Oʻz yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million soʻmdan subsidiya oladi. Tayyor mahsulot eksportchilarining kredit foizlari bir qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish boʻyicha hisob-kitoblar kiritish topshirildi. Marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining bir qismini qaytarish yuzasidan ham takliflar tayyorlanadi.
Koʻp ish oʻrni yaratayotgan sanoat korxonalari alohida ragʻbatlantiriladi. Kamida ming nafar ishchisi boʻlgan korxonalarda xodimlarni oʻqitish, malakasini oshirish va ishga olib kelish hamda olib ketish xarajatlarining yarmi kompensatsiya qilinadi. Kamida besh yil ishlagan xodimlarga farzandlarining kontrakt toʻlovi qoplab beriladi. Ish oʻrinlari soni mingtaga yaqinlashayotgan korxonalar uchun ham grantlar ajratiladi.
Sanoatdagi yangi loyihalarni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Andijonni Fargʻona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Viloyat oliygohlari va texnikumlarining salohiyatini ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.
Andijon texnika instituti faoliyati transformatsiya qilinadi. Xorijlik menejer va professor-oʻqituvchilar jalb etilib, taʼlim dasturlari yangilanadi. Institutda alohida dizaynerlik fakulteti ochilib, dual taʼlim asosida sanoat korxonalariga biriktiriladi.
Oʻsib borayotgan sanoatni energiya bilan taʼminlashda viloyatning daryo va kanallari katta zaxira ekani taʼkidlandi. Andijonning gidroenergetika salohiyati 200 megavattni tashkil etadi. Kichik va mikro GESlar qurishga tadbirkorlar qiziqishi yuqori, ular uchun turbinalar ishlab chiqarish ham viloyatning oʻzida yoʻlga qoʻyilgan.
Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizingga berish, qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Aholining zamonaviy xizmatlarga oʻsib borayotgan talabidan kelib chiqib, savdo va servis uchun yangi maydonlar yaratiladi. Davlat tashkilotlarini Bobur shahriga koʻchirish hisobiga boʻshaydigan binolar va yerlar shu maqsadga yoʻnaltiriladi. Bu qoʻshimcha investitsiyalar va minglab ish oʻrinlari uchun imkoniyat ochadi.
Asaka, Shahrixon, Qoʻrgʻontepa markazlari va Xonobod shahrini ham yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish belgilandi. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlarni rivojlantirish loyihalariga moslashtiriladi.
Tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish banklar faoliyatiga ham yangicha yondashuvni talab qilishi taʼkidlandi. Davlat banklari anʼanaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanmasdan, mijozlar biznesini oʻstirish tamoyili asosida ishlashi zarur.
Endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi. Kichik tadbirkorlarning yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi. 500 million soʻmgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi, mablagʻ pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida sugʻurta polisining oʻzi garov sifatida yetarli boʻladi.
Soliq idoralari ham tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish va ish oʻrinlarini saqlashga koʻmaklashishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Daromadi yoki ish oʻrni kamaygan korxonalar muammosi mahallaning oʻzida oʻrganiladi. Soliq xodimi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri birgalikda soliq toʻlovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablagʻ, bozor yoki eksportga koʻmaklashish boʻyicha takliflar kiritadi.
Viloyatning transport va logistika imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli orqali yuk oqimi oshishini hisobga olib, Qoʻrgʻontepa va Xonobodda 600 million dollarlik logistika kompleksi loyihasi boshlanadi. Qirgʻiziston bilan kelishilgan “Keskanyor” chegara postini qurish yuk tashish hajmini oshirish va muddatini qisqartirishga xizmat qiladi.
Yangi transport oqimiga mos ravishda “Xonobod – Andijon” pulli avtomobil yoʻlini loyihalashga kirishiladi. Shu oydan “Toshkent – Andijon” tezyurar poyezdi yoʻlga qoʻyilib, safar vaqti olti soatdan toʻrt soatga qisqargani qayd etildi. Kelgusi yil ushbu yoʻnalishda pulli avtomobil yoʻlini qurish boʻyicha amaliy ishlar boshlanadi.
Aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish masalalari muhokama qilinib, Bobur shahridagi uylarga 25 ming aholi koʻchib oʻtgani, yana 200 ming kishiga moʻljallangan uy-joylar qurilishi boshlangani taʼkidlandi.
Yangi shaharda savdo, biznes, mehmonxona, xususiy taʼlim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etadigan tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlanadi. Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoqligini hisobga olib, yerning boshlangʻich narxini uy-joy qurilishiga nisbatan ikki barobar arzon belgilashga rozilik bildirildi.
Andijon shahrida yangi yoʻloʻtkazgichlar qurish, Asaka tumani markazini aylanib oʻtuvchi koʻprikni ishga tushirish rejalari belgilandi. Ichimlik suv va kanalizatsiya tizimlarini yangilash ham davom ettiriladi. Xonobod – Andijon magistral quvurining ikkinchi tarmogʻi qurilishi bir million aholining suv taʼminotini yaxshilaydi. Andijon shahrida kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, Oltinkoʻldagi oqova suv tozalash inshooti quvvati oshiriladi.
Xotin-qizlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Farzandini bogʻchaga joylashtira olmagani uchun ishga chiqa olmayotgan ayollarga sharoit yaratish maqsadida yangi oilaviy bogʻchalarni ochish masalasini tezlashtirish topshirildi. Viloyatda ayollarni ish bilan taʼminlash uchun 20 million dollarlik alohida jamgʻarma tashkil etiladi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish belgilandi. Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi. Sunʼiy intellekt yordamida huquqbuzarliklar va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish choralari koʻriladi. Aholining kiberhujumlardan himoyalanish boʻyicha bilimlari oshiriladi.
Davlatimiz rahbari mahallalar obodligi har bir insonning mehnati va daxldorligi bilan yaratilishini taʼkidladi. Kelgusi yil Andijonda 100 ta mahallaga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi”ni olib kirish rejasini tayyorlash topshirildi.
Yakunda mutasaddilarning axboroti tinglandi, andijonliklar bilan muloqot qilindi.
Shu bilan Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.


