27.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Hazrati Xizr majmuasidagi mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Abdug‘aniyevich qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilinib o‘tganlar xotirasi yod etildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Ma’lumki, ushbu majmuada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan juda katta hajmdagi qurilish, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari asosida majmua loyihasi takomillashtirilib, maqbara granit va marmar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqi va unga tutash ayvon milliy naqshlar asosida bezatilib, unga Qur’oni Karim oyatlari bilan birga Islom Karimovning hikmatli so‘zlari bitildi. Prezidentimiz majmuada olib borilayotgan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, ziyoratchilarga tegishli sharoitlar yaratish, unga yondosh qabristonni obod qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Majmua qoshida ochilishi mo‘ljallanayotgan Xalqaro ilmiy markaz qurilishi bilan tanishdi. Ushbu markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi bebaho ilmiy-ma’naviy merosini to‘plash, o‘rganish ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug‘ullanadi. Mamlakatimiz rahbari bu yerda yoshlarga islom dini tarixi, ta’limoti eng mukammal o‘quv reja va dasturlar asosida o‘qitilishi zarurligi, bu markaz jahonda ajdodlarimizga munosib ravishda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga majmua atrofida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalarini rekonstruksiya qilish, yangi turar-joylar bunyod etish, ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish, obodonlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar loyihalarini takomillashtirish, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha quruvchi va mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, sayyohlik borasida yangi yo‘nalishlar ochish kabi istiqboldagi muhim masalalar muhokama qilindi. Taleb Rifai mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.