icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Poytaxt tumanlarini rivojlantirish boʻyicha yangi yondashuvlar belgilab berildi

11.09.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, qoʻshimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish oʻrinlarini koʻpaytirishga yangicha yondashish zarurligi taʼkidlandi. Poytaxt tumanlari oʻz salohiyatidan kelib chiqib, aniq iqtisodiy yoʻnalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.

Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida yirik logistika majmualarini tashkil etish, markaziy tumanlarda zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni koʻpaytirish, Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa taʼlim, tibbiyot, savdo va servis sohalariga investitsiyalarni faol jalb qilish uchun katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani boʻyicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Ayrim hududlarda belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal etishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Respublika va shahar darajasidagi masʼullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashadi. Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar boʻyicha shu kunning oʻzida asoslangan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.

Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Olmazor tumanida mahalla va koʻchalarni kompleks rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Yil boshidan tumandagi 9 ta koʻcha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi.

Ayniqsa, Qichqiriq mahallasidagi oʻzgarishlar yaxshi natija bergani qayd etildi. Ilgari infratuzilmasi yetarli boʻlmagan hududda 450 oʻrinli bogʻcha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yoʻlagi va favvoralar barpo etildi. Bu yerda yashovchi 5,5 ming nafar aholi uchun zamonaviy va qulay muhit yaratildi.

Ushbu tajribani Olmazorning yana 8 ta koʻchasi va poytaxtning boshqa tumanlariga kengaytirish belgilandi. Toshkent shahridagi 100 ta koʻchani kompleks yangilash uchun 1 trillion soʻm ajratilgan. Shuningdek, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish boʻyicha 4 yilga mo‘ljallangan 10 trillion soʻmlik dastur ishlab chiqiladi.

Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1-noyabrga qadar yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish topshirildi.

Xizmatlar sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr boʻlgan 497 ta maʼmuriy bino mavjud. Boʻsh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va taʼlim xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun tadbirkorlarga sharoit yaratiladi.

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini ham yangi biznes loyihalari bilan bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Birgina Olmazor tumanida qiymati 100 milliard soʻm boʻlgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda.

Shahar muhitini inson salomatligi va qulayligi nuqtayi nazaridan rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soyboʻyi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yoʻlagi barpo etilgan. Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar boʻyida shunday sayr hududlarini koʻpaytirish, jumladan, Boʻzsuv kanali boʻylab 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yoʻlagini tashkil etish boʻyicha loyiha ishlab chiqiladi.

Mahallalarda kichik biznes va xizmatlarni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ishga solinadi. Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi boʻlgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million soʻmdan 200 million soʻmga oshiriladi.

Olmazor tumanida shu imkoniyatlar hisobidan yil yakuniga qadar 300 nafar yangi tadbirkorni qoʻllab-quvvatlash va 1 mingta ish oʻrni yaratish, poytaxt boʻyicha esa 10 ming nafar aholini daromadli ish bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Miskin va Ibrohim ota mahallalaridagi 305 gektar sanoat zonasi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu yerda ish oʻrinlarini hozirgi 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini 600 million dollarga yetkazish salohiyati mavjud. Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy vositalar taklif etiladi.

Bandlik masalasini hal etishda mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Olmazordagi ish beruvchilarga 5 mingga yaqin turli malakadagi xodimlar kerak.

Shu bois, Olmazor kasbiy koʻnikmalar markazida axborot texnologiyalari va ilgʻor innovatsiyalar yoʻnalishida 400 oʻrinli texnikum, mavjud binolarda zamonaviy kasb-hunar markazlari tashkil etiladi. Germaniya bilan 500 kishiga moʻljallangan til kurslari, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash loyihalari yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, rivojlangan davlatlardan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish belgilandi.

Yoshlar shaharchasidagi 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va taʼlim obyektlaridan iborat innovatsion klasterni tashkil etish ishlari boshlanadi.

Olmazorning taʼlim va ilmiy salohiyatini toʻliq ishga solish masalasiga ham alohida urgʻu berildi. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 75 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Talabalarning oʻqishi va yashash sharoiti, bandligi, ijtimoiy taʼminoti, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyiladi. 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida istiqomat qilayotgan qariyb 18 ming nafar yosh uchun munosib sharoit yaratish maqsadida alohida Direksiya tashkil etiladi.

Talabalar shaharchasidagi Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish tizimini yil yakunigacha poytaxtning boshqa tumanlariga, kelgusi yilda esa mamlakatdagi barcha oliy taʼlim muassasalariga joriy etish topshirildi.

Maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish boʻyicha ham qoʻshimcha vazifalar belgilandi. Olmazorda bu koʻrsatkich hozir 67 foizni tashkil etmoqda. 441-sonli bogʻchada mavjud 385 oʻringa qoʻshimcha 450 oʻrinli yangi bino qurish tajribasi asosida yil yakuniga qadar kamida yana 5 ta shunday loyihani boshlash belgilandi.

Poytaxtda kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanayotgani hisobga olinib, tirbandlikni faqat yoʻllarni kengaytirish hisobiga emas, intellektual transport tizimlarini joriy etish orqali ham hal qilish zarurligi taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda amaliy ishlarni yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Olmazorda huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan yangi ish uslubi natijalari ham tahlil qilindi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professor-oʻqituvchilarining tergovchilar bilan hamkorligi va talabalar uchun dual taʼlim tizimi profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Natijada tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalar qolmagan, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar 22 tadan 10 taga kamaygan. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish boʻyicha Olmazor tajribasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Energetika va kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashini taʼminlash hamda mahallalarni obodonlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Olmazor misolida koʻrib chiqilgan yondashuv va vazifalar poytaxtning barcha tumanlariga birdek tegishli ekani qayd etildi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilarning belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha axboroti tinglandi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo