04.09.2026
Hurmatli parlament aʼzolari va konferensiya ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Bugun siyosat maydoniga oʻz soʻzi, oʻktam ovozi bilan dadil kirib kelayotgan siz – yosh parlamentariylarni ushbu nufuzli tadbir munosabati bilan samimiy qutlash va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan bagʻoyat mamnunman.
Ming yillardan buyon tamaddunlar, xalqlar va gʻoyalarni birlashtirayotgan koʻprik – koʻhna va navqiron Samarqand shahriga xush kelibsiz!
Yuqori maqomdagi anjumanning mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotganini Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik islohotlarga xalqaro hamjamiyat bergan yuksak baho deb qabul qilamiz.
Bugungi muloqot oʻtgan yili Toshkentda tashkil etilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi singari jonli mulohazalar, yangi gʻoya va ilgʻor tashabbuslar ilgari suriladigan anjumanga aylanadi deb ishonaman.
Aziz mehmonlar!
Samarqand xalqaro anjumani dunyoda global ziddiyatlar chuqurlashib, beqarorlik va urush oʻchoqlari koʻpayayotgan murakkab bir pallada oʻtmoqda.
Iqlim oʻzgarishi, iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy beqarorlik va maʼnaviy inqiroz butun insoniyat taraqqiyotiga gʻov boʻlayotgani sir emas.
Shu jihatdan mazkur konferensiya kun tartibiga “Notinch davrlarda barcha uchun inson huquqlari, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusi kiritilgani dolzarb ahamiyatga ega.
Taassufki, sayyoramiz boʻylab 500 milliondan ziyod bolalar va yoshlar qurolli mojarolar hududida yashamoqda, har besh nafar yoshdan biri, qizlarning har uch nafardan ikkisi taʼlim olish imkonidan mahrum qolmoqda.
Shunday qiyin sharoitda dunyo yoshlarining eng faol, intiluvchan qatlami sifatida maydonga chiqayotganingiz tahsinga sazovor.
Qadrli doʻstlar!
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yosh avlodga gʻamxoʻrlik qilish, ularning bilim va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan.
39 millionlik aholining qariyb 56 foizini yoshlar tashkil etayotgani uzoq muddatli yondashuv, keng qamrovli yechimlarni hayotiy zaruratga aylantirmoqda.
Soʻnggi yillarda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarimiz natijasida yoshlarimizning barkamol oʻsishi, global raqobat muhitida munosib oʻrin egallashi uchun ulkan imkoniyatlar yaratildi.
Yurtimizda yoshlar bilan ishlash va ularni qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangi – manzilli va vertikal tizimi yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Dunyodagi yuqori 100 talikka kiradigan yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻgʻil-qizlarimiz soni 3,5 ming nafardan oshgani, ilmiy darajaga ega yosh olimlarimiz ulushi ikki baravar ortgani bizni mamnun etadi.
Yoshlarning tadbirkorlar safidagi ulushi 35 foizga yetgani ham ular iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganidan dalolat beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi Yoshlar parlamentlari boʻlajak xalq vakillari uchun tajriba maktabiga aylandi.
2024-yilgi saylovda 200 ga yaqin yoshlar vakillik organlari aʼzosi etib saylangani ham siyosiy hayotimizdagi yangilanishlar samarasidir.
Bu kabi yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning 10 ta yetakchi davlati qatoridan joy oldi.
Shuningdek, Global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan mamlakat deb topildi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Parlamentlararo Ittifoq doirasida yoshlarning davlat hamda jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan Yoshlar va kelajak avlodlar toʻgʻrisidagi Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilinishini olqishlaymiz.
Shu bilan birga, yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishga doir ilgʻor tajribamiz bilan oʻrtoqlashish uchun maxsus platforma taqdim etishga tayyorligimizni bildiramiz.
Fursatdan foydalanib, sizlarni kelgusi yil Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressiga taklif etaman.
Qadrli navqiron yetakchilar!
Sizlarning siymongizda Yangi Oʻzbekistonning xayrixoh doʻstlari, birdamlik va hamkorlik elchilarini koʻramiz desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Ishonchim komil, anjuman doirasidagi muloqot va munozaralar ochiq, konstruktiv ruhda oʻtadi, Samarqandda tasdiqlangan hujjatlar global tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, tuganmas gʻayrat-shijoat va masʼuliyatli faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


