23.08.2017
2017-yil 23-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3238-son qarori
Mamlakatimizda energetika sohasini yanada isloh kilish, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suvdan (keyingi o‘rinlarda energiya resurslari deb yuritiladi) oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilishning ta’sirchan tizimi, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xizmatlarning mavjud emasligi energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirish imkonini bermayapti.
Issiqlik ta’minoti ob’ektlarini modernizatsiya qilishda tizimli kamchiliklarning mavjudligi, ma’naviy va jismonan eskirgan qozonxona asbob-uskunalaridan foydalanilayotganligi energiya resurslarini samarasiz iste’mol qilishga olib kelmokda.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini bajarish bo‘yicha ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maksadida:
1. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Energiya tejash milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda “ETMK” AJ deb yuritiladi) tashkil etish haqidagi taklifi qabul kilinsin.
2. Quyidagilar “ETMK” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring kilish;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlarini makbullashtirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va energiya resurslari uchun xarajatlarni qisqartirish hisobiga byudjet hamda o‘z mablag‘larini tejash;
foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralarni amalga oshirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“ETMK” AJning ustav fondi ta’sischilar o‘rtasida 1-ilovaga muvofiq taqsimlanadi;
“ETMK” AJ davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi;
energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) majburiy sertifikatlashtirilishi shart;
“ETMK” AJning davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarni qoplash ular joriy qilingandan keyin olingan tejash mikdorlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi;
tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati beriladi;
energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan o‘xshash tovarlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlariga energiya samaradorligi past tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish takiqlanadi;
“ETMK” AJning to‘lovlari xarajatlarning to‘rtinchi guruhi - boshqa xarajatlar bo‘yicha amalga oshiriladi;
xorijiy va xalkaro moliya institutlarining mablaglari, tijorat banklarining kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “ETMK” AJ faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda “ETMK” AJning ustav fondini shakllantirgan holda aksiyalarni belgilangan tartibda chiqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ta’sischilar o‘rtasida joylashtirishni ta’minlasin.
5. “ETMK” AJning direktoriga istisno tariqasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga hamda ularga ish haqi va boshqa to‘lovlarni erkin konvertatsiya kilinadigan valyutada belgilashga ruxsat berilsin.
6. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni tankidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha komissiya 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
7. Komissiya (M.X.Saliyev) uch oy muddatda:
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha tanqidiy taxlil o‘tkazsin;
o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari bo‘yicha uy-joy kommunal xizmatlarning byudjet xarajatlari va tashkiliy-shtat tuzilmasini optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin;
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi:
“ETMK” AJ hamda Uzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishning shartlari va aniq mezonlarini belgilaydigan takliflarni kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, “ETMK” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti bilan birgalikda uch oy muddatda qozonxona stansiyalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda yakuni yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga Qozonxona asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturi loyihasini kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilgan holda energiya servis shartnomalari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarining ishlab chiqilishini ta’minlasin.
10. “O‘zstandart” agentligi “ETMK” AJni davlat organlari va boshqa tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sertifikatlash yuzasidan yagona organ sifatida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda:
Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga energiya servis shartnomasida belgilangan tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatini berish tartibi yuzasidan takliflarni kiritsin;
energiya servis shartnomalarining amal qilish davrida kommunal xizmatlar uchun, shu jumladan, tariflar o‘sishini hisobga olib, ilgari nazarda tutilgan byudjet ajratmalari miqdorini saqlab qolgan holda byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarni moliyalashtirish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “ETMK” AJning tuzilmasini tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Uzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev