18.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorlikni, birinchi navbatda, avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida boʻldi.
Dilma Rusef Oʻzbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini kelgusida ham qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Oʻzbekiston Yangi taraqqiyot bankiga aʼzo davlatlar safiga qoʻshilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, suv xoʻjaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi boʻyicha hamda xususiy sektor va ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash borasida bank ekspertlari ishtirokida oʻrta muddatli qoʻshma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olindi. Yangi taraqqiyot bankining mintaqaviy ahamiyatga ega yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi muhimligi taʼkidlandi.
Bankning yurtimizda ekologik transformatsiya boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalardagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusida Oʻzbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlarini oʻtkazish rejalari ham koʻrib chiqildi.


