17.06.2026
Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Germaniya Prezidentining oʻz mamlakati va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida eʼtirof etdi.
Ikki tomonlama muloqot jadal tus olib, mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar yuksak darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy surʼat kuzatilmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan ortib, joriy yilning oʻtgan davrida yana 5 foizga koʻpaydi. Germaniyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025-yilda 2 milliard dollarga yetdi.
May oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya – Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi 10-yigʻilishining ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Tadbirlar yakunida 1 milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari toʻplami imzolandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini oʻrganmoqda, 2 mingdan ortiq talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. Oʻtgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi boʻlib oʻtdi.
Oʻtgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda Oʻzbekiston – Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolangani taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi.
Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va logistika, togʻ-kon, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Yetakchilar avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida yangi qoʻshma loyiha va dasturlar ishga tushirilayotganini olqishladilar. Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi Oʻzbekiston – Germaniya tibbiyot forumining oʻtkazilishi qoʻllab-quvvatlandi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, koʻp tomonlama maydonlarda, shu jumladan, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Germaniya Federal Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishi hamda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.


