icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Prezidenti YOII sammitida ishtirok etdi

29.05.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan, kuzatuvchi maqomidagi Kuba Respublikasi vitse-prezidenti Salvador Mesa va Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayev hamda mehmon sifatida MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Kun tartibidan koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil ravishda kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolayotganini taʼkidladi.

YOII davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik kompleks iqtisodiy sheriklik tusini olgani qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmi barqaror oʻsib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi kengayib, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda, raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmatlar sohasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlari shakllanmoqda.

Joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirish yakuniga yetayotgani bildirildi. Shu munosabat bilan joriy yilning kuz faslida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan Qoʻshma ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi doirasida yangi rejani qabul qilish taklif etildi.

Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Oʻzbekiston ittifoqning elektron tijoratni rivojlantirish, savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, iqlim masalalari va boshqa yoʻnalishlardagi tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda.

Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bank bilan hamkorlikda sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Davlatimiz rahbari ittifoq bilan sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.

Oʻzbekiston va birlashma davlatlari oʻrtasida toʻsiqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bunda elektron tijoratni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash hamda elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich oʻzaro tan olish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yoʻlaklarini yaratish ishlariga kirishish taklifi bildirildi.

Ishbilarmon doiralarning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat koʻrgazmasi tasdiqladi.

Oʻzbekiston va YOII mamlakatlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur koʻrgazma salohiyatidan foydalanish taklif qilindi. Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalar istiqbolli yoʻnalishlar qatorida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston kooperatsiya boʻyicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga koʻmaklashadigan qoʻshma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi.

– YOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sigʻimini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qoʻshma dasturini qabul qilish boʻyicha taklif ham ilgari surildi.

Qoʻshma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan oʻrin olishi mumkin.

– Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur sohadagi hamkorlikni milliy elektron bandlik xizmatlarini integratsiya qilish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Bu fuqarolarning ishonchli boʻsh ish oʻrinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi maʼlumotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishini taʼminlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirishni nazarda tutadi.

– Bu bir paytning oʻzida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi, – dedi Prezidentimiz.

Turizm sohasida Oʻzbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi ilgari surilgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari YOII davlatlarini mazkur turizm yoʻnalishini ommabop raqamli platformalarda birgalikda ilgari surishga qoʻshilishga taklif qildi.

Yakunda Prezidentimiz Oʻzbekistonning YOII koʻp tomonlama dasturlari va loyihalaridagi ishtiroki oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo