15.05.2026
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Avvalambor, qadimiy va navqiron Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy muloqotini oʻtkazish tashabbusi, barchamizga koʻrsatilayotgan yuksak ehtirom va anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga chin dildan tashakkur izhor etaman.
Shuningdek, Tuzilmamizning xalqaro nufuzini mustahkamlash yoʻlida ulkan saʼy-harakatlarni amalga oshirayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga samarali raisligi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Bugungi anjuman musulmon ummatining ulugʻ ayyomi –muborak Qurbon hayiti arafasiga toʻgʻri kelayotganida chuqur ramziy maʼno mujassam. Zero, bizning qadimiy tariximiz, muqaddas dinimiz, madaniy va maʼrifiy ildizlarimiz, azaliy qadriyat va anʼanalarimiz mushtarak.
Goʻzal Turkiston shahri Buyuk ipak yoʻlining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan. Mazkur zaminda ulugʻ ajdodimiz Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari mangu orom topgan. Bu tabarruk kent biz uchun, avvalo, xalqlarimiz birligi va hamjihatligining yorqin timsolidir.
Hurmatli Prezident Qasim-Jomart Kemelevichning xalqimizning qardosh Qozogʻiston eliga doʻstlik tuhfasi sifatida barpo etilgan muhtasham jome masjidi haqida hozir bildirgan samimiy fikrlari uchun rahmat aytmoqchiman.
Qozogʻiston rahbariyatining Turkistonning meʼmoriy qiyofasini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ushbu koʻrkam maskanni qardosh xalqlarimizning umumiy maʼnaviy markazlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga toʻgʻri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning oʻrni va taʼsiri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan oʻzaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar boʻyicha uygʻun pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Turkiy dunyoning integratsiyasi bu xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan uzoq muddatli strategik masaladir.
Soʻnggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish surʼatlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Masalan, 2025-yilda davlatlarimizning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global oʻsishdan ikki barobar yuqori (6,8 foiz) boʻldi.
Oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga oʻsdi (11 milliard dollar). Joriy yildan Turkiy investitsiya jamgʻarmasi operatsion faoliyatini boshladi, Markaziy banklar kengashi, Yashil moliyalashtirish boʻyicha Turkiy kengash ishi yoʻlga qoʻyildi.
Bularning barchasi Tashkilotimizning institutsional jihatdan tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Qadrli doʻstlar!
Oldimizda koʻp qirrali munosabatlarimizga tizimli tus berish boʻyicha dolzarb vazifalar turibdi.
Bugungi sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bagʻishlangani bejiz emas. Oʻlkalarimizda yashab, ijod qilgan ulugʻ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar.
Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz. Bu yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmogʻini shakllantirish – bugungi davr talabi.
Mazkur samarali mexanizm orqali biz iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini belgilash, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish, ochiq va zamonaviy yagona raqamli makonni yaratish imkoniga ega boʻlamiz.
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda xorijiy investorlar bilan data markazlar yaratishga 6 milliard dollar sarmoya jalb etmoqda. Biz mintaqadagi data markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bogʻlaydigan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Mazkur sohadagi amaliy aloqalarimizni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida aʼzo davlatlar ishtirokida Texnologiyalar forumini oʻtkazishni reja qilganmiz.
Ikkinchidan, ilm-fan, taʼlim va yoshlar masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirish – umumiy maqsadimiz.
Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta oʻrganish va targʻib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochilganini olqishlaymiz. Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta maʼlumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish boʻlar edi.
Shu bilan birga, Yassaviy tariqatining bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini hamkorlikda chuqur oʻrganish hamda keng targʻib etishni taklif qilamiz.
Xabaringiz bor, shu yil Xiva shahriga “Turkiy dunyo yoshlari poytaxti” maqomi berildi. Bu qaror, ayniqsa, oʻgʻil-qizlarimizga kuchli motivatsiya bagʻishladi. Tadbirlar doirasida Yosh liderlar forumi va Xalqaro yoshlar festivalini oʻtkazishga tayyormiz.
Aytish joizki, biz shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon talablariga mos va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturini amalga oshiryapmiz. Hozirga qadar mazkur loyiha orqali 1 milliondan ortiq oʻgʻil va qizlarimiz boshlangʻich koʻnikmalarga ega boʻldi.
Yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari, sunʼiy intellektga asoslangan turli yechimlarini moliyalashtirish uchun biz Qozogʻiston bilan tuzayotgan Qoʻshma venchur jamgʻarmasiga Tashkilotning barcha aʼzolarini qoʻshilishga chorlaymiz.
Uchinchidan, transport bogʻliqligini yaxshilash uchun raqamli logistika platformalarini yaratish va integratsiya qilish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston va Tashkilotga aʼzo barcha davlatlar oʻrtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi toʻliq ishga tushirilganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman. Oʻrta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli bilan bogʻlashga katta eʼtibor qaratamiz.
Chegaralarda bojxona va tranzit tartib-taomillarini yengillashtirish boʻyicha imzolangan Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagi haqidagi bitimni hayotga tatbiq etish hamda maʼlumotlar almashuvini toʻliq raqamlashtirishimiz zarur. Bu logistika zanjirlari boʻylab maʼlumotlar uzatish, yuklarni kuzatish va jarayonlarni uygʻun holda tashkil etish imkonini beradi.
Toʻrtinchidan, ekologik muammolar va iqlim oʻzgarishi davlatlarimizdan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Bu kabi muammolarga samarali yechim topish uchun sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari asosida Turkiy davlatlar tashkiloti iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish muhim. Bunda qurgʻoqchilikni barvaqt aniqlash, tuproqning yemirilishi va muzliklarning erishi bilan bogʻliq holatni doimiy kuzatib borish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasiga sunʼiy intellektni joriy etishga eʼtibor qaratish lozim.
Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida Turkiy davlatlar yoshlari uchun 2026-2027-oʻquv yillarida 50 ta grant ajratildi. Yoshlarimizni ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqiramiz.
Ekologiya masalalariga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida Tashkilotimiz doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilishni taklif etamiz.
Fursatdan foydalanib, sizlarni joriy yilda Samarqandda oʻtadigan Global ekologik jamgʻarma assambleyasida va Suvni tejash boʻyicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqiraman.
Yana bir masala. Terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Bu jarayonda kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish dolzarb ahamiyatga ega.
Yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratishimiz lozim. Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish boʻyicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman.
Shuningdek, sunʼiy intellektdan foydalanishda etika va axloq meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish, ayniqsa, muhim. Joriy yilda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Tashkilot tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qoʻshma uchrashuvida bu masalalarga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.
Qadrli doʻstlar!
Ulugʻ ajdodimiz Ahmad Yassaviy hazratlarining “Devoni hikmat” asarida birdamlik va ahillik borasida taʼkidlagan quyidagi satrlari bugungi kunda yanada teranroq namoyon boʻlmoqda:
Turkiy elga mehr qildim,
Birlik yoʻlin haq deb bildim.
Biz yangi davrda davlatlarimizning intellektual salohiyati va bunyodkorlik qudratini birlashtira olsak, hech shubhasiz, turkiy dunyo ilgʻor yechimlar, barqaror taraqqiyot makoniga aylanadi.
Asosiy maqsadimiz – farzandlarimizga nafaqat buyuk tariximizni, balki kelajak avlodlarimiz ham faxrlansa arziydigan bebaho merosni qoldirishdir.
Bugun qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasi tili va dili bir-biriga chambarchas bogʻlangan xalqlarimizning ezgu niyatlarini yanada mustahkamlab, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida belgilangan yuksak maqsadlarga erishish yoʻlida navbatdagi muhim qadam boʻladi deb ishonaman.


