14.05.2026
Hurmatli forum qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarimizni chin qalbimdan qutlab, barchangizni Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ochilishi bilan qizg‘in muborakbod etaman.
Asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan boqiy va hamisha navqiron Buxoro shahrida jam bo‘lgan siz, azizlarga samimiy salomimni hamda eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan mamnunman.
Mazkur forumni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, anjuman ishida faol ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan muassasalariga, barcha xalqaro tashkilotlarga, Osiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan parlament delegatsiyalari a’zolariga, senator va deputatlarga alohida minnatdorlik bildiraman.
Ma’lumki, Osiyo xalqlarining tarixi, madaniyati, qadriyatlari bir-biriga yaqin hamda mushtarak bo‘lib, bu jihat mintaqada barcha sohalarni o‘zaro birlashtiradigan, turli millat ayollarini hamkorlikka chorlaydigan omillardan hisoblanadi.
Bugun Osiyo qit’asida istiqomat qilayotgan 5 milliardga yaqin aholining qariyb yarmini ayollar tashkil etadi. Biz ularning timsolida nafaqat nafosat sohibalarini, balki mamlakatlarimiz taraqqiyotini jadallashtirish, xalqlar farovonligini yuksaltirish va adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi ulkan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.
Sizlarning yuksak professional mahoratingiz, boy bilim va tajribangiz hamda birdamlikka qat’iy intilishingiz keng mintaqamizdagina emas, balki dunyo miqyosida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Zero, ayolga e’tibor – bu, avvalo, inson shaxsiga, uning qadriga bo‘lgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash faqat siyosiy vazifa emas, balki erkin va farovon jamiyat barpo etish yo‘lidagi izchil demokratik yangilanishlarning ajralmas qismi hamdir.
So‘nggi yillarda yurtimizda gender tenglikni ta’minlash borasida mustahkam huquqiy va institutsional poydevor yaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ayollar huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilishning institutsional kafolatlarini mustahkamladi.
Keng ko‘lamli islohotlar natijasida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetib, O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha xalqaro reytinglarda yetakchi mamlakatlar qatoridan joy oldi. Xususan, Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida respublikamiz 193 ta mamlakat orasida 35-o‘ringa ko‘tarildi.
Ijro hokimiyati tizimida rahbar ayollar safining kengayishi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi ishtirokining ortishi davlat tomonidan qarorlar qabul qilinishida inklyuzivlikni ta’minlamoqda.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida ayollar ulushi keskin ortgani, jumladan, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning soni oxirgi besh yilda 11 karraga ko‘payganini islohotlarimizning muhim strategik natijasi deb bilamiz.
Ayniqsa, yurtimizda xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2025-yilda 2,6 million nafar xotin-qizning daromadli mehnat bilan band bo‘lishiga ko‘maklashildi. O‘zbekiston joriy yilda “Ayol, biznes va qonun” xalqaro indeksida o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 190 ta davlat o‘rtasida 48-o‘rinni egallaganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Hurmatli forum qatnashchilari!
Bugungi murakkab davrda xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi ishtiroki hamda ulushini keskin oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ta’sirini kuchaytirish, ularning intellektual salohiyatidan unumli foydalanish dolzarbdir. Bu borada davlatlarimiz tadbirkor xotin-qizlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish, biznes forumlar va xalqaro treninglar o‘tkazib borilishidan manfaatdormiz.
Shuningdek, mamlakatlarimiz ishbilarmon ayollari imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi, yangi startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi platforma tashkil etish taklifini ilgari suramiz.
Ertaga butun dunyoda “Xalqaro oila kuni” keng nishonlanadi. Sharq davlatlarida jamiyatning mustahkam poydevori, qo‘rg‘oni bo‘lgan oilaviy qadriyat va an’analarini bezavol saqlash so‘nggi yillarda tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Mazkur forum doirasida mamlakatlarimizdagi oila institutini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy muassasalar tarmog‘ini shakllantirib, eng ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish albatta o‘zining kutilgan samarasini beradi.
Umuman olganda, mazkur forum kelgusida Osiyoda barcha darajada qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning rolini oshiradigan sermahsul muloqot maydoniga aylanishi shubhasiz. Shu ma’noda ushbu anjuman doirasida sizlar barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasida yangi tashabbus va ezgu g‘oyalarni faol ilgari surishingizga qat’iy aminman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va omad, sharafli faoliyatingizda zafarlar, forum ishiga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


