03.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos bobomiz maqbarasida Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.
Maʼlumki, ushbu qutlugʻ qadamjo davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan maʼnaviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlugʻ qadamjoda oʻqidilar.
Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Maʼlumotlarga koʻra, qutlugʻ qadamjo ochilganidan soʻng bir oy ichida bu yerga 1 milliondan ortiq yurtdoshimiz va xorijiy fuqaro kelib, buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini ziyorat qildi.
Prezidentimiz majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis bobomiz merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi ta’kidlandi. Butun yurtimizdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va ma’naviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.


