icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
“Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga

09.04.2026

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Avvalo, buyuk davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur va temuriylar tarixi hamda merosini oʻrganish va targʻib etishdek muhim ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan siz, azizlarni bugungi xalqaro ilmiy konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar – professor va akademiklar, nufuzli universitetlar va ilmiy markazlarning namoyandalari, ijodkor ziyolilar, mashhur muzey va kutubxonalarning yetakchi xodimlari, koʻplab ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etayotgani xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga jahon miqyosida qiziqish va eʼtibor tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Konferensiya Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgan kunlarda Oʻzbekistonning uch ming yillik betakror ilmiy-madaniy meros durdonalarini oʻzida mujassam etgan Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovor.

Mazkur ilmiy forum oʻlkamiz tarixidagi ulugʻvor va yorqin bosqichni tashkil etadigan Ikkinchi Uygʻonish davri – temuriylar Renessansi mohiyatini chuqur tahlil qilish, qizgʻin muhokamalar oʻtkazish, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Aziz doʻstlar!

Olis XIV asrda, gʻoyat murakkab bir zamonda hozirgi Oʻzbekiston hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi, yurt tinchligi va obodligi yoʻlida jasorat koʻrsatgan buyuk ajdodimiz Amir Temur asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida qanday oʻchmas iz qoldirgani sizlarga yaxshi maʼlum.

Bu haqda gapirganda, dunyodagi oʻnlab davlatlar hududida Amir Temur va temuriylar davriga oid meʼmoriy obidalar hozirga qadar saqlanib kelayotgani, turli mintaqa va mamlakatlarda bu ulugʻ shaxs va uning sulolasiga bagʻishlab koʻplab badiiy, ilmiy va tasviriy asarlar yaratilganini taʼkidlash lozim.

Maʼlumki, Amir Temur ota yurti Shahrisabzda oʻzi bunyod ettirgan goʻzal meʼmoriy obida – Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan soʻzlarni yozdirgan edi.

Bu hikmatli soʻzlar bugungi kunimiz uchun ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va adolat hukm surgan joydagina ilm-maʼrifat, sanʼat, adabiyot va madaniyat taraqqiy topadi.

Shu maʼnoda, temuriylar Renessansi nafaqat Turon oʻlkasi, balki butun Sharq olamining ilm-fani va madaniy ravnaqiga kuchli taʼsir koʻrsatib, yangi maʼnaviy yuksalish davrini boshlab bergani bejiz emas.

Ushbu sulolaning mashhur namoyandalari boʻlgan Mirzo Ulugʻbek, Boysunqur Mirzo, Ibrohim Sulton, Sulton Husayn Mirzo, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo va boburiylarning ilmiy kashfiyotlari, yetuk badiiy asarlari ana shu noyob madaniy fenomen mahsuli sifatida vujudga kelganini jahon olimlari keng eʼtirof etadilar.

Yangi Oʻzbekistonda Amir Temur va temuriylar merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi oʻrni va ahamiyatini oʻrganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan har yilning aprel oyi mamlakatimizda Amir Temur oyligi deb eʼlon qilinishi, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilab qoʻyildi.

Bugungi anjuman ham ana shu yoʻldagi yana bir amaliy qadam boʻlib, biz Oʻzbekistonning haqiqiy doʻstlari boʻlgan sizlar kabi zahmatkash olim va tadqiqotchilar bilan temuriylar Renessansini, umuman, boy merosimizni chuqur oʻrganish, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-maʼnaviy islohotlar bilan jahon jamoatchiligini yanada keng tanishtirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettiramiz.

Anjuman davomida sizlar xalqimiz dahosi bilan yaratilgan yurtimizdagi tarixiy-meʼmoriy obidalar, madaniy yodgorliklar, nodir qoʻlyozma va kitob fondlari bilan yaqindan tanishib, ularni tadqiq etish, asrash va targʻib etish boʻyicha qimmatli taklif va tavsiyalaringizni bildirasiz deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo