08.04.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari bugungi tahlikali zamonda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash eng ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilgan boʻlib, uning tarkibiga huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Hozirda mazkur departament IIV shaxsiy tarkibining qariyb 30 foizini tashkil etadi.
Ta’kidlanganidek, bunday katta va murakkab tizimni samarali boshqarish hamda qatʼiy nazorat qilish yangicha yondashuvni talab qiladi. Shu munosabat bilan taqdimotda sohada zamonaviy boshqaruv va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish, samaradorlik koʻrsatkichlarini “Jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat koʻrsatuvchi tizimga” tamoyili asosida qayta ishlab chiqish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Mahallalarda profilaktika ishlarini tashkil etish holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda respublikamizdagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ziyod profilaktika inspektori xizmat qilib kelmoqda. Oʻtgan yili ular aholidan kelib tushgan 2,5 milliondan ziyod arizani koʻrib chiqqan, 470 mingdan ortiq holat boʻyicha materiallar sudga yuborilgan. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan ortiqcha boshqaruv boʻgʻinlari koʻpayib ketgani oqibatida mahalla xavfsizligi va jinoyat profilaktikasiga yetarli eʼtibor qaratilmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularning bevosita oʻziga yuklatilgan ishga – mahallada xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga toʻliq yoʻnaltirilgan tizim yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Jumladan, kunlik onlayn yoʻriqnoma oʻtkazish, “Mening inspektorim” elektron tizimi orqali xizmatni tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan elektron maʼlumot almashishni joriy qilish, profilaktika inspektorlarini ishdan ajratmagan holda onlayn oʻqitish va malakasini oshirish, mahallada xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashuvchi “jamoat yordamchisi” guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini berish, 6 ta kam ahamiyatli qilmish bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimini joriy etish taklif qilindi.
Bu orqali inspektorning mahalladan chiqmagan holda ish olib borishi, samaradorligi ortishi va koʻproq aholi bilan yaqindan ishlash imkoniyati yaratilishi taʼkidlandi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha uzluksiz ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish, buning uchun profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlarni mahalla darajasida oʻzaro bogʻlaydigan, yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladigan yaxlit tizim yaratish zarurligi taʼkidlandi. Ular real vaqt rejimida axborot almashishlari hamda yagona maʼlumotlar bazasidan foydalanishlari uchun profilaktika axborot tizimi joriy qilinadi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jamoat xavfsizligi xodimlarini tayyorlash tizimi amaliyot bilan uzviy bogʻlangan manzilli dual taʼlim asosida qayta koʻrib chiqilayotgani qayd etildi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti oʻrtasida profilaktika inspektorlari, probatsiya inspektorlari, patrul-post, yoʻl-patrul va qoʻriqlash xizmati mutaxassislarini maqsadli tayyorlash boʻyicha yangi tizim taklif etildi. Bunda nazariya va amaliyot uygʻunlashtirilib, oʻqishning birinchi kursida 80/20, ikkinchi kursda 60/40 va uchinchi kursda esa 50/50 nisbatda tashkil etiladi.
Taʼlim jarayonida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, protsessual harakatlar, nostandart vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish, jangovar tayyorgarlik, psixologik bardoshlilik, muomala madaniyati, saf boʻlinmalarini boshqarish kabi amaliy kompetensiyalar shakllantiriladi.
Tinglovchi va talabalar stajyor lavozimiga tayinlanadi, mustaqil ish yuritish hamda qaror qabul qilish vakolatiga ega boʻlib, murabbiy nazorati va javobgarligi ostida ish yuritadi. Bitiruvdan keyingi 5 yil davomida monitoring qilinib, malakasi doimiy oshirib boriladi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar murojaatlariga tezkor javob berish va xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha aniq yechimlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


