icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Xorijiy hamkorlardan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar

21.03.2026

Tabiat uygʻonishi, hayotda yangi bosqich boshlanishining ramzi boʻlgan, ezgulik, mehr-oqibat, oʻzaro hurmat, mehmondoʻstlik, mehnatsevarlik va ona zaminga gʻamxoʻrlik kabi abadiy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan qadim bayram – Navroʻzi olam munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga samimiy tabriklar kelmoqda. Ularda yurtimizning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan.

Xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosat va jamoat arboblarining qutlovlarida mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, barqaror taraqqiyotni taʼminlash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarga yuksak baho berilgan.

Ochiq, tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosat olib borilayotgani, mintaqaviy hamkorlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar faol ilgari surilayotgani tufayli davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi izchil oʻsib borayotgani alohida taʼkidlangan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Bahorgi uygʻonish ramzi boʻlgan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yuksak darajaga chiqqan. Strategik sheriklik va ittifoqchiligimizni bundan buyon ham doʻst xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida faol rivojlantiramiz deb ishonaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga mustahkam sogʻliq va muvaffaqiyatlar, barcha hamyurtlaringizga esa baxt-saodat hamda farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

 

Vladimir Putin, 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Oy taqvimi boʻyicha Yangi yil munosabati bilan yoʻllagan tabrigingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Xitoy hukumati va xalqi nomidan Sizni, hukumatingizni va Oʻzbekiston xalqini anʼanaviy bayramingiz – Navroʻz kirib kelishi munosabati bilan chin dildan qutlayman.

Men Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qarataman. Oʻtgan yili biz Siz bilan ikki marta uchrashib, turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik. Bu yangi davrdagi Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqdi.

Men strategik oʻzaro ishonch va anʼanaviy doʻstlikni doimiy ravishda mustahkamlash, umumiy taqdirga ega Xitoy – Oʻzbekiston hamjamiyatini qurishni chuqurlashtirish va amaliy darajaga koʻtarish uchun har tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.

Sizga mustahkam sogʻliq va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Si Szinpin, 

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga eng samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni izhor etishdan xursandmiz. Sizga sihat-salomatlik, birodar Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga bardavom taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.

Siz Janobi Oliylariga salomlarimiz va ehtiromlarimizni qabul qilgaysiz.

 

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Podshohi

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga eng samimiy tabrik va tilaklarimni izhor etishdan xursandman.

Sizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga bardavom yuksalish va farovonlik tilayman.

Siz Janobi Oliylariga salomlarim va ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.

 

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi 

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Aziz qardoshim!

Har yil tabiat uygʻonishining timsoli boʻlgan Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va qardosh Oʻzbekiston xalqiga xalqim va shaxsan oʻz nomimdan eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.

Ildizlari uzoq oʻtmishga borib taqaladigan qadim Navroʻz anʼanamiz bashariyatga umid va barokat xushxabarini bermoqda. Mushtarak madaniyat makonimizda nishonlanadigan mazkur bayramda doʻstlik va qardoshlik rishtalarimizning yanada mustahkamlanishini tilayman.

Navroʻz hozirda ehtiyojimiz boʻlgan tinchlik, murosa va hamkorlikka boʻlgan umidlarni uchqunlatishi – eng katta orzumiz va tilagimizdir.

Bayram munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga, oilangizga sogʻliq va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga omonlik va farovonlikka toʻla kelajak tilayman.

 

Rejep Tayyip Erdogʻan,

Turkiya Respublikasi Prezidenti 

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizga va qardosh Oʻzbekiston xalqiga Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarim hamda eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.

Yangilanish, bunyodkorlik va farovonlikni oʻzida mujassam etgan ushbu muqaddas bayram yuksak qadriyatlarga intiluvchi butun insoniyat hayotida alohida oʻrin tutadi. Qutlugʻ bahor ayyomi Navroʻz qardosh xalqlarimizga iliqlik, moʻl-koʻlchilik, quvonch va farovonlik olib kelsin.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli mustahkam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan Qozogʻiston – Oʻzbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yoʻlida jadal rivojlanib borishiga ishonaman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, ushbu fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston ravnaqi yoʻlidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, mamlakat xalqiga esa farovonlik va toʻkinlik tilayman.

Xalq baxtli-saodatli yashasin, farovonlik esa toʻkin va moʻl boʻlsin!

 

Qosim-Jomart Toqayev,

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Navroʻz bayrami bilan Sizni va butun qardosh Oʻzbekiston xalqini chin dildan tabriklayman.

Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uygʻonishi, birlik va doʻstlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. Ushbu ayyom xalqlarimizni bogʻlaydigan koʻp asrlik doʻstlik va mehr-oqibat anʼanalarini oʻzida mujassam etib, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi.

Oʻzaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan barcha darajalardagi hamkorligimiz bundan buyon ham birgalikdagi saʼy-harakatlar asosida davom etib, xalqlarimiz kelajagi porloq boʻlishini taʼminlashga hissa qoʻshishiga ishonchim komil.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizga sihat-salomatlik va davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik va taraqqiyot tilayman.

Hurmat bilan,

 

Sadir Japarov,

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yoʻgʻrilgan qutlovlarimizni qabul qilgaysiz.

Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va koʻp asrlik anʼanalarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash gʻoyalari asosida mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

Navroʻzning boqiy bunyodkorlik anʼanalari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida tinimsiz saʼy-harakat qilishga undaydi.

Tojikiston tomoni Oʻzbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.

Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, koʻp qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yoʻlida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar.

Ushbu qutlugʻ kunlarda Sizga mustahkam sogʻliq va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Navroʻz muborak!

Chuqur hurmat bilan,

 

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman!

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu goʻzal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uygʻonishini anglatadi. Navroʻz bayrami turli xalqlar va madaniyatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi boʻlib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga undaydi.

Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

 

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Navroʻz hayotga muhabbat va yaxshi kelajakka ishonchning mustahkamlanishi ramzidir. Ushbu bayram koʻp asrlar davomida xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Ushbu qutlugʻ ayyom Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar bilan nishonlansin. Sizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Aziz qardoshim!

Sizga va qardosh Oʻzbekiston xalqiga buyuk ajdodlarimizdan qolgan Navroʻz bayrami munosabati bilan shaxsan oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan samimiy tabriklarimni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Bahor kelganidan darak beruvchi, tabiatga mehr, ruhiy poklik va yangilanish shodiyonasi boʻlmish ushbu milliy bayram qardosh xalqlarimizga farovonlik, baxt va fayz-u baraka olib kelishini tilayman.

Biz doʻstlik va birodarlikning ajoyib namunasi boʻlgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlarining kun sayin rivojlanayotgani hamda ittifoqimizning mustahkamlanayotganidan juda mamnunmiz. Ishonchim komilki, umumiy kelib chiqish, tarix va madaniyat rishtalari bilan bogʻlangan qardosh Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli munosabatlarimizni davlatlarimiz manfaatlari va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yanada chuqurlashtirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.

Ushbu fayzli kunlarda Sizga va oilangiz aʼzolariga mustahkam sogʻliq va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi va uning xalqi ravnaqi yoʻlidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

 

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni odamlar qalbini samimiylik, quvonch, baxt va porloq kelajakka umid bilan toʻldiruvchi Navroʻz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ushbu bayramga xos oʻzaro hurmat va konstruktiv hamkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlagan holda, Belarus Oʻzbekiston bilan doʻstlik va sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlab bormoqda. Davlatlararo muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham fuqarolarimiz manfaatlariga xizmat qilishi va Yevroosiyoda barqarorlikni taʼminlashga hissa qoʻshishiga ishonaman. 

Hurmatli Shavkat Miromonovich, ushbu muborak kunda Sizga mustahkam sogʻliq, masʼuliyatli faoliyatingizda tuganmas kuch-gʻayrat va muvaffaqiyatlar, doʻst oʻzbek xalqiga esa tinchlik va totuvlik tilayman.

Hurmat bilan,

 

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Pokiston xalqi va hukumati nomidan, shuningdek, shaxsan oʻz nomimdan Siz, Janobi Oliylarini, yaqinlaringizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini Navroʻz va Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Navroʻz va Ramazon hayiti umuminsoniy qadriyatlar – tinchlik, mehr-oqibat, hamjihatlik va shukronalikni oʻzida mujassam etadi. Ushbu quvonchli voqealar xalqlar oʻrtasidagi totuvlik, oʻzaro hurmat va hamkorlikka boʻlgan umumiy intilishimizni yangilash imkonini beradi.

Siz, Janobi Oliylarining joriy yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman, yaqin kunlarda ikki tomonlama aloqalarimizni yanada mustahkamlash uchun oliy darajadagi almashinuvlarni davom ettirishimizni intiqlik bilan kutaman.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻliq va farovonlik, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa bardavom tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Shahboz Sharif,

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri

 

Shuningdek, quyidagilar oʻz qutlovlarini yoʻllagan:

Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi aʼzo davlatlari Parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy, 

Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ularbek Sharsheyev,

Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi mitropoliti, Oʻrta Osiyo mitropoliya okrugi rahbari Vikentiy.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo