05.03.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniFarmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash darajasini yaxshilash, texnologiyalar transferi orqali farmatsevtika va biotexnologiya sohasini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishda to‘liq qiymat zanjirini yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2026-yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) ishlab chiqarish hajmini 8,5 trillion so‘mga yetkazish;
(b) qiymati 1 milliard AQSH dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish;
(d) 800 million AQSH dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash;
(e) mahsulot va xizmatlar eksportini 300 million AQSH dollariga yetkazish;
(f) 350 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;
(g) “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududini kengaytirish orqali mintaqadagi biotexnologiya va farmatsevtika ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish xabi – “BioPharma City”ga aylantirish.
II. Tarmoq korxonalarini qo‘llab-quvvatlash choralari
2. Farmatsevtika tarmog‘ida raqobatbardosh va sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida:
(a) original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ishlab chiqaruvchilarga “texnologiyalar transferi” xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida ushbu sertifikat amal qilish muddati davrida belgilangan tartib va qoidalar asosida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab:
(a) quyidagilar Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:
(i) dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga EU GMP, US FDA GMP rasmiy sertifikatlarini joriy qilishda, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiyasini olishda xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP, US FDA GMP sertifikatlari uchun xarajatlarning 50 foizi, lekin 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
(ii) ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ushbu dori vositalarini sanoat miqyosida ishlab chiqarib, realizatsiya qilgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
(b) mazkur Farmonning 1-ilovasiga muvofiq yuqori texnologiyali dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini 3 yil muddatda foydalanishga topshirib, sanoat miqyosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga 2 yil muddatga loyiha doirasida jalb qilingan kreditlar bo‘yicha kredit foiz xarajatlari Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda kompensatsiya qilib beriladi:
(i) foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
(ii) xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 4 foiz punktdan oshmagan miqdorda.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) 2026-yil 1-iyundan boshlab farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, Soliq qo‘mitasi axborot dasturi orqali operatorlarga taqdim etiladigan ma’lumotga ko‘ra soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik summasi ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab o‘n kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berilsin;
(b) 2026-yil 1-sentabrga qadar mahalliylashtirish darajasidan qat’i nazar, belgilangan tartibda mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan farmatsevtika va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga elektron kooperatsiya portali, ishlab chiqaruvchilar ekotizimi, mahalliy auksion savdolari va “milliy do‘kon”da ushbu mahsulotlarni realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.
5. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ikki oy muddatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga mazkur Farmonning 4-bandidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Imtiyozlar
6. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish yoki ularni qayta ishlashga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari 2040-yilga qadar investitsiya loyihalari boshlangan sanadan e’tiboran 3 yil muddatga investitsiya loyihalari amalga oshiriladigan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘i, investitsiya loyihalari foydalanishga qabul qilingan kundan boshlab 3 yil muddatga investitsiya loyihalari doirasida foyda solig‘i hamda qurilgan ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha mol-mulk solig‘idan ozod etiladi;
(b) faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan norezidentlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarishda qo‘llanadigan texnologiyalar transferi va brend nomi uchun royalti ko‘rinishida olinadigan daromadlari bo‘yicha, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, foyda solig‘i stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar 5 foiz miqdorida qo‘llanadi.
7. Belgilansinki, mazkur Farmonning 6-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini realizatsiya qilishdan yoki dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish yoxud ularni qayta ishlashdan olingan daromadlar ulushi soliq to‘lovchining jami daromadi umumiy hajmida kamida 60 foizni tashkil etganda qo‘llaniladi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan soliq organlariga investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlangan sana va uni foydalanishga topshirish sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etib boriladi.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur Farmonning 6-bandidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga yoki davlat tibbiyot muassasalariga insonparvarlik yordami sifatida amal qilish muddati qisqaligi sababli bepul beriladigan yaroqlilik muddati tugashiga 6 oydan kam bo‘lmagan muddat qolgan dori vositalari va tibbiy jihozlar soliq solish maqsadida bunday yuridik shaxslarning iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlagan xarajatlari deb e’tirof etiladi. Bunda:
(i) ushbu bandga muvofiq beriladigan va chegirib tashlash uchun qabul qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning qiymati haqiqiy ishlab chiqarish yoki xarid tannarxidan kelib chiqib, unga savdo ustamasini kiritmagan holda aniqlanadi;
(ii) dori vositalari va tibbiy jihozlarning qiymatini oshirib ko‘rsatish, topshirilgan mol-mulkning soxtaligi, takroran aylanishi yoxud belgilangan tartibga rioya qilmaslik hollari aniqlangan taqdirda, tegishli qiymat soliqlar, penyalar qo‘shimcha hisoblangan va qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qo‘llangan holda xarajatlar tarkibidan chiqarib tashlanadi;
(b) 2026-yil 1-apreldan boshlab biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi “2022–2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–55-son Farmonining 5-bandida nazarda tutilgan bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi.
10. Soliq kodeksining 305-moddasiga muvofiq import qilingan tovarlarni, shu jumladan, referent narx qo‘llanadigan dori vositalarini olib kirishda haqiqatda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bilan ularni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rtasidagi ijobiy farq iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlagan xarajatlar deb e’tirof etiladi va foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda jami daromaddan chegirib tashlanishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
IV. Moliyalashtirish manbalari
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–13-son Farmoni 6-bandi bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilishi belgilangan 30 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ–14-son qarori 7-bandida belgilangan maqsadlarga yo‘naltirilsin.
12. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi 2026–2027-yillarda mutanosib ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PF–5707-son Farmoni 7-bandida belgilangan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining jami 25 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larini “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy tadqiqot markazi, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini tekshirish laboratoriyasi va vivariy binolarini qurish hamda jihozlash ishlarini jadallashtirish maqsadida 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 4 foiz stavkada jalb qilish choralarini ko‘rsin.
13. Belgilansinki:
(a) farmatsevtika korxonalari tomonidan mazkur Farmonning 11-bandida ko‘zda tutilgan xomashyo va asbob-uskunalarni xarid qilishda import kontraktlari mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro konsalting kompaniyalari tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi;
(b) mazkur Farmonning 12-bandida nazarda tutilgan kredit mablag‘larini Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga qaytarish Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga mahalliy ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida “Pharm Service” davlat muassasasi xodimlarining mamlakatimiz va xorijda malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shuningdek, malaka oshirish kurslariga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat berilsin.
V. Farmatsevtika mahsulotlari sifati va xavfsizligini oshirish
15. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2028-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) biologik faol qo‘shimchalarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HAACP) tizimi joriy etilganligi talab etiladi;
(b) biologik faol qo‘shimchalar majburiy raqamli markirovkalashdan o‘tkaziladi.
16. Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish” loyihasini Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3790-son qaroriga muvofiq Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobidan xarid qilingan, biroq O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan foydalanishga ehtiyoj bo‘lmagan sinov uskunalari, yordamchi vositalar va laboratoriya mebellarini Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga balans qoldiq qiymatida beg‘araz o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oldidagi qarzni qaytarish, foizlarni to‘lash va qarzga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan solidar tartibda amalga oshiriladi.
VI. Farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirish
17. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining:
(a) O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini (keyingi o‘rinlarda — Institut) tashkil etish;
(b) Institutning asosiy vazifalarini 2-ilovaga muvofiq tasdiqlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
18. Belgilansinki:
(a) Institut O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlarining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(b) O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlarining amaldagi moliyalashtirish manbalari, shtat birliklari, mol-mulki hamda boshqa tovar-moddiy boyliklari Institutga o‘tkaziladi;
(v) Institut tuzilmasi hamda uning Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari orqali moliyalashtiriladigan shtat birliklari soni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
19. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida Farmatsevtika texnik universiteti bilan o‘zaro integratsiya asosida o‘quvchilarni hayot fanlari asoslariga o‘rgatish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi ta’lim dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – hayot fanlari dasturlari) joriy qilsin:
(a) Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi o‘rinlarda – maktab)ning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Bunda dastlabki 3 yilda ustuvorlik o‘quvchilarda kimyo, biologiya, fizika, matematika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa tabiiy fanlar asosida boshlang‘ich tayyorgarlikni ta’minlashga qaratiladi;
(b) maktabning 10-11-sinf va Farmatsevtika texnik universiteti (keyingi o‘rinlarda – universitet)ning tegishli bakalavriat yo‘nalishlarining 1-kurs o‘quv rejalari o‘zaro integratsiya qilinadi. Bunda oliygohning o‘quv rejasiga oid fanlar (keyingi o‘rinlarda — oliy ta’lim fanlari) o‘quvchilarning tanlovi asosida qo‘shimcha o‘qitiladi;
(v) oliy ta’lim fanlari universitetning professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘qitiladi va ushbu jarayonga oid barcha xarajatlar ushbu universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
(g) quyidagi talablarni bajargan maktab bitiruvchilariga universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishida 2-kursdan test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi:
(i) IELTS sertifikati (6,5 ball) yoki Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etiladigan B2 sertifikat hamda universitetning yo‘nalishiga qarab biologiya va kimyo fanlaridan biri bo‘yicha eng kamida B+ darajadagi hamda unga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lish;
(ii) oliy ta’lim fanlari bo‘yicha akademik ko‘rsatkichlarni (Academic Performance) o‘rnatilgan talab bo‘yicha o‘zlashtirganlik.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
20. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududini kengaytirish maqsadida unga tutash hududdan qo‘shimcha 100 gektar yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika maqsadli jamg‘armasi hisobidan qoplash, shuningdek, yer uchastkalari uchun qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini loyiha tashabbuskorlari tomonidan 5 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilsin.
21. Farmatsevtika sohasida ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni jadallashtirish, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, salohiyatli xorijiy investorlar va xalqaro brendlarni jalb qilish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan va qo‘shimcha ajratiladigan 15 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Farmatsevtika sanoati loyiha ofisi tashkil etilsin. Bunda Farmatsevtika sanoati loyiha ofisi xodimlariga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
22. Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
24. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan sinov uskunalari, yordamchi vositalar va laboratoriya mebellarini “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga o‘tkazishda qarz mablag‘i bilan bog‘liq majburiyatlarni qaytarish yuzasidan huquq va talablarni o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.
26. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib sog‘liqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.A. Azizov belgilansin.
27. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


