18.02.2026
Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi.
Oʻtgan yili Prezident Donald Tramp bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar AQSh ishbilarmon doiralari bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani taʼkidlandi.
Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Eksimbank bilan hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash shular jumlasidan.
DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti AQSh tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari huzurida tashrif davomida imzolangan Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida investitsiya platformasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim almashildi.


