18.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi.
Oʻzbekiston – AQSh strategik sherikligini yanada mustahkamlashning amaliy jihatlari, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning asosiy sheriklaridan biri ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi 1 milliard dollardan oshdi, mamlakatimiz bozorida AQShning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.
Energetika, oʻta muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Qiymati 35 milliard dollar boʻlgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bugun ishbilarmonlik tadbirlari doirasida bir qator muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Ustuvor loyihalarni tizimli qoʻllab-quvvatlash uchun yaqinda tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.
Savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.


