10.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5146-son farmoni
Respublikaning agrar ilm-fani salohiyatini yanada rivojlantirish, mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning rolini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolarini rag‘batlantirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
2017-yil 1-avgustdan boshlab sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari uchun eng kam oylik ish haqining o‘n barobari miqdorida, muxbir a’zolari uchun esa - eng kam oylik ish haqining yetti barobari miqdorida oylik gonorar to‘lanadi;
sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari uchun to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi.
sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari bir nafar kuzatuvchi shaxs bilan birga bir yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy- sog‘lomlashtirish muassasalarida hamda Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O‘zbekiston” kurort-sog‘lomlashtirish aksiyadorlik jamiyatining sanatoriylarida sog‘lomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga egadirlar;
sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari, muxbir a’zolari va bir nafar kuzatuvchi shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmapari federatsiyasi Kengashi, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida hamda Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi (Rossiya Federatsiyasi) “O‘zbekiston” kurort-sog‘lomlashtirish aksiyadorlik jamiyatining sanatoriylariga yo‘llanmalar qiymati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
sobiq O‘zbekiston Qishlok xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolarini fan-ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishda, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ularning rolini kuchaytirish yuzasidan;
sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolarining fan-ta’lim muassasalarida va sanoat korxonalarida samarali ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida ijtimoiy soha uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida mazkur Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ajratsin, 2018-yildan boshlab esa ushbu mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 6-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-1693-sonli Farmonining 5-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev