icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

06.02.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish, sanoat tarmoqlari va aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishda bozor mexanizmlarini keng joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subyektlari va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini tizimli kengaytirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar xaridini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida yagona boshqaruvni joriy etish orqali yaxlit va muvofiqlashtirilgan davlat siyosati yuritilishini yo‘lga qo‘yish;

(b) mamlakatda yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlarni aniqlash;

(v) tarmoq korxonalari tomonidan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish;

(g) yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va o‘rta biznes subyektlarini keng jalb qilish;

(d) mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish;

(j) mahalliy ishlab chiqarishning global yetkazib berish zanjirlariga integratsiyalashuvini ta’minlash;

(z) ishlab chiqarish quvvatlarini texnologik yangilash va xalqaro sifat standartlarini joriy etishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlarni o‘zlashtirish;

(i) iqtisodiyot tarmoqlarida mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish.

II. Yangi boshqaruv tizimini yaratish

2. Quyidagilar:

(a) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik);

(b) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) tashkil etilsin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari Agentlikka o‘tkazilsin.

4. Quyidagilar:

(a) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tuzilmasiga o‘tkaziladigan tashkilotlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

(v) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

III. Dasturiy chora-tadbirlar

5. Tarmoqlar ehtiyoji hamda xorijiy tajriba tahlili asosida, o‘rta va uzoq muddatda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – Dasturlar) ishlab chiqib, tasdiqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin. Bunda:

(a) Dasturlar quyidagilar kesimida shakllantiriladi:

(i) drayver sohalar (farmatsevtika, elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft kimyosi, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati);

(ii) yuqori investitsiya salohiyatiga ega bazaviy tarmoqlar (energetika, tog‘-kon sanoati, kimyo);

(iii) hududlar;

(iv) Kengash qarori bilan belgilanadigan boshqa sohalar;

(b) Dasturlar tarmoq va hududlar tomonidan shakllantirilib, Agentlik bilan kelishiladi va Kengash tomonidan tasdiqlanadi;

(v) Agentlik Dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi hamda tarmoq va hududlarga uslubiy va amaliy jihatdan ko‘maklashadi.

6. Agentlik soha va tarmoqlarga mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2026 yil 1 iyuldan boshlab Dasturlarning ishlab chiqilishi va Kengashga kiritib borilishini tashkil etsin.

IV. Yangi instrumentlar

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(a) Agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va e’lon qilib boradi;

(b) o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan o‘rnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi hamda ular Dasturlarga kiritiladi;

(v) Agentlik tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar, tarmoq va hududlar bilan birgalikda davlat ishtirokidagi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladigan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalari bo‘yicha milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymatni quyidagi mezonlar asosida kompleks baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi:

(i) sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga kiritiladigan hissa;

(ii) yaratiladigan qo‘shilgan qiymat va uning iqtisodiy samarasi;

(iii) mahalliy kadrlarni jalb qilish ko‘rsatkichi, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejasi;

(iv) ko‘rsatilayotgan xizmatlar va infratuzilmaga ta’sir;

(v) texnologiyalar, innovatsiyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;

(g) yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarda (investitsiya bitimlari, mahsulot taqsimotiga oid bitim, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim va boshqalar) davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari hamda kafolatlar bilan birga mazkur bandning “v” kichik bandida belgilangan mezonlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar nazarda tutiladi;

(d) Agentlik:

(i) mahalliy va xorijiy korxonalarning davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun “yetkazib beruvchilarni rivojlantirish” tamoyili (vendor development) asosida qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishni tashkil etadi;

(ii) xorijiy huquq egalari bilan hamkorlik o‘rnatib, ularning ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini mahalliy tadbirkorlik subyektlariga berishga ko‘maklashadi;

(iii) yangi mahsulotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga muvofiqlikni baholashdan o‘tkazish, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, sanitariya va boshqa tartib-taomillardan o‘tishga ko‘maklashadi;

(j) Agentlik va uning hududlardagi loyiha ofislari belgilangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari boshliqlari bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshiradi;

(z) Agentlik direktori Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya hamda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining doimiy a’zosi hisoblanadi;

(i) Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini shakllantirishda mahsulotlarni ishlab chiqarishda yaratilgan qo‘shilgan qiymat ulushi qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlarga kiritiladi;

(k) Dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan, respublikada o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.

V. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish

8. Yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va o‘rta biznes subyektlarini jalb qilish va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

(a) Dasturlar doirasida:

(i) tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz) stavkada 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan bitta loyiha uchun 10 million AQSH dollarigacha kredit mablag‘lari ajratiladi;

(ii) yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan loyihalar hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz) stavkada 1 yilgacha muddatga bitta loyiha uchun 2 million AQSH dollarigacha kredit mablag‘lari ajratiladi;

(b) tadbirkorlik subyektlarining xorijiy huquq egalaridan ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilaridan foydalanish huquqini olish bilan bog‘liq xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;

(v) sanoat startaplari – yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga tanlov asosida subsidiyalar ajratiladi.

10. Mazkur Farmonning 9-bandida nazarda tutilgan instrumentlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 2026 yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilsin.

VI. Davlat xaridlarining samaradorligini oshirish

11. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:

(i) xarid predmetini bitta lotga birlashtirish faqat iqtisodiy samaradorlik, texnologik uzviylik yoki ekspluatatsiya xavfsizligi bilan bog‘liq asoslar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi;

(ii) mazkur tartib mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga teng va ochiq shartlarda qo‘llaniladi;

(b) obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat xaridlari hamda qiymati 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan boshqa davlat xaridlari, shuningdek, ekspluatatsiya muddati 3 yildan ortiq bo‘lgan xarid predmeti bo‘yicha takliflarni baholash umumiy egalik qilish qiymati (TCO) usulini qo‘llagan holda amalga oshiriladi;

(v) korporativ xaridlar doirasida:

(i) xaridlar sohasidagi mutaxassis sifatida faoliyat yuritishga faqat “professional xaridor” sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;

(ii) korporativ buyurtmachilarning xarid komissiyalari tarkibida kamida bir nafar “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassis bo‘lishi shart;

(iii) xaridlar sohasidagi mutaxassislarni o‘qitish va sertifikatlashtirish xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotlarining (CIPS, IFPSM, ITC MLS-SCM, WorldCC va boshqalar) akkreditatsiyasidan o‘tgan o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi;

(iv) sertifikatlangan mutaxassislarning yagona elektron reyestri Agentlik tomonidan shakllantiriladi va u davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi;

(g) korporativ buyurtmachilarda “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, 2028 yil 1 yanvardan boshlab ular davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi;

(d) Kengash “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lishi talabini budjet buyurtmachilariga tatbiq etish muddati va ularning ro‘yxatini hamda ushbu talab tatbiq etiladigan korporativ buyurtmachilar toifalarini belgilaydi.

12. Belgilansinki:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi;

(b) 2026-yil 1-apreldan boshlab budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

(i) uchta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda o‘n besh foiz;

(ii) ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda o‘n ikki foiz;

(iii) bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda sakkiz foiz miqdorida;

(v) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab, budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy xizmat (ish)larga nisbatan taklif etilgan eng past import xizmat (ish)lar narxidan 15 foiz miqdorida preferensiya qo‘llaniladi.

13. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab davlat xaridlari maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining faoliyatini idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik tarzda baholash imkonini beruvchi elektron-skoring tizimi ishga tushirilsin. Bunda elektron-skoring tizimi vositasida:

(a) ishtirokchilarning davlat xaridlaridagi “yuqori”, “o‘rta”, “past” va “eng past” ishonchlilik darajalari beriladi;

(b) quyidagi rag‘batlantirish choralari ko‘riladi:

(i) “yuqori” ishonchlilik darajasiga ega ishtirokchilar uchun zakalat to‘lash talab etilmaydi;

(ii) eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan takliflarga ishonchlilik darajasiga mutanosib ravishda qo‘shimcha ball beriladi;

(iii) davlat xaridlarida yangi ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilarga umumiy shartlarda davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyati beriladi;

(iv) davlat xaridlari sohasida “eng faol tadbirkor” tanlovida davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi “yuqori” bo‘lgan davlat xaridlari ishtirokchilarining nomzodlari qo‘llab-quvvatlanadi;

(v) davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi “past” va “eng past” bo‘lgan ishtirokchilarning:

(i) xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishiga ruxsat etiladigan davlat xaridlarining yuqori qiymatiga nisbatan me’yorlar belgilanadi;

(ii) bepul onlayn o‘quv kurslari orqali malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

VII. Kadrlar siyosati

14. Agentlik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalari doirasida mahalliy mutaxassislarni jalb qilish rejasi, korxonalarning talabi va buyurtmanomalariga asosan:

(a) mahalliy va xorijiy ta’lim tashkilotlarida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash;

(b) texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida mutaxassislarning malakasini oshirishni tizimli ravishda yo‘lga qo‘ysin.

15. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi raqobatbardosh mahsulotlarni o‘zlashtirishda bevosita qatnashganligi uchun vazirlik, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlarning boshqaruv, muhandis-texnik va boshqa xodimlarini yillik bir marta to‘lanadigan mukofotlar tarzida moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etilsin. Bunda:

(a) ishlab chiqarishi o‘zlashtirilgan mahsulot turlarini xarid qilishga yo‘naltirilgan yillik mablag‘lar summasi (oxirgi amalga oshirilgan shartnomaga muvofiq) va mos hajmdagi o‘zlashtirilgan mahsulot turlarining xarid summasi o‘rtasidagi ijobiy farqning (iqtisod qilingan mablag‘) 20 foizi bir marta to‘lanadigan mukofotlarni to‘lash manbai hisoblanadi;

(b) ko‘rsatilgan ijobiy farqning to‘rtdan bir qismi korxona rahbariga to‘lab beriladi, to‘rtdan uch qismini xodimlar o‘rtasida taqsimlash korxona rahbari tomonidan mustaqil ravishda, har bir xodimning loyihani amalga oshirishdagi shaxsiy hissasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori belgilansin.

18. Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.A. Xakimov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo